Talabalar uchun mahalliy avia va temiryoʻl chiptalariga chegirma e’lon qilindi

Yangi yil arafasida Uzbekistan Airways va “Oʻzbekiston Temir yoʻllari” kompaniyalari talabalar uchun chiptalarga chegirmalar e’lon qildi.
Uzbekistan Airways o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilari uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarga ekonom-klass tariflariga 50% gacha chegirmalar joriy qiladi. Chegirma 2025-yil 26-dekabrdan 2026-yil 11-yanvargacha amalga oshiriladigan parvozlar uchun amal qiladi.
Chegirma davlat ta’lim muassasasida o‘qiganligini tasdiqlovchi hujjat asosida beriladi. Bunday ma’lumotnomani quyidagi usullar bilan olish mumkin:
- YIDXP orqali onlayn;
- ta’lim muassasasida;
- “O‘zbekiston Respublikasi Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DMning elektron tasdiqnomasi shaklida.
Qayd etilishicha, yo‘lovchi tarifiga qo‘shimcha ravishda turli soliqlar, yig‘imlar va qo‘shimcha to‘lovlar belgilanadi, ularga 50% gacha chegirma qo‘llanmaydi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” esa Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga qishki taʼtil mobaynida mahalliy yoʻnalishdagi qatnovlar uchun chegirmalar eʼlon qildi.
Barcha mahalliy yoʻnalishdagi yoʻlovchi poyezdlarining temir yoʻl hujjatining toʻliq qiymatidan 50% chegirma 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvarga qadar amal qiladi. Faqat SV/VIP klass vagonlari va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari uchun chiptalar ushbu chergirmaga kirmaydi.
Chiptalarni elektron xarid qilishda siz eticket.railway.uz sayti hamda Android va iOS ilovalari orqali xarid qilishingiz mumkin.