Muz, romantika va qish vaybi: Toshkentda qayerda konkida uchish mumkin? (2025-2026)

Kinolarda koʻrganmisiz, yangi yil arafasida odamlar katta ochiq maydonlarda konkida muz uchishadi. Bu ham bayramning oʻziga xos shukuhi. Qish kelishi bilan issiqqina xonangiz eng yaxshi manzilga aylanadi, lekin bu faslning taftini ham his qilish kerak. Bu ham faol dam olish (sovuqda terlab ketish mumkinligini muzda uchganlar yaxshi biladi), ham quvnoq, ham juda romantik mashg‘ulot. Tasavvur qiling: muz, musiqa, yoningizda yaqin insoningiz… Bir-biringizni tutib turib, muzda sirpanish yoki birga yiqilib, mazza qilib kulish insonga ajoyib hissiyot beradi. Shunday emasmi?
Toshkentda oxirgi yillarda bunday manzillar koʻpayib qoldi. Afisha.uz bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazishga yordam berish uchun Toshkentdagi barcha muz saroylari va ochiq yaxmalaklar haqida kerakli ma’lumotlarni bir joyga to‘pladi.
Ice City — Frozen Lake
Ushbu yopiq konki uchish maydoni Ice City koʻngilochar parki ichida joylashgan. Konki maydonining yuzasi muzdan qilingan.

“Ice City” bir necha tarixiy davrlar stilida qurilgan, jumladan, Viking davri va Oʻrta asrlarni misol qilib keltirish mumkin. Bu yerda nafaqat konkida uchish maydonchasi, balki changʻi va snoubordda uchish uchun yopiq qor yoʻlakchalari ham mavjud.
Konki maydonigacha 10 000 soʻm turadigan kirish kartasini xarid qilish kerak.
Kattalar va bolalar uchun konkida uchish narxi: 30 daqiqaga — 45 000 so‘m.
Boshqa attraksionlar uchun narxlar:
- air ballon (bir seans) — 30 000 soʻm;
- bob mountain (bir marta tushish) — 20 000 so‘m;
- ice vertigo (bir marta tushish) — 15 000 soʻm;
- kamic ice (bir marta tushish) — 20 000 soʻm;
- mini cars (bir aylana) — 25 000 soʻm;
- ski slope (30 daqiqa) — 55 000 so‘m;
- speed skating (30 daqiqa) — 45 000 soʻm (dam olish kunlari 55 000 soʻm);
- viking river (bir aylana) — 20 000 soʻm.
Sovuqotganlar uchun bepul jilet va nimchalar ta’minlanadi.
Telefonlar: (+998) 71−209−0077, (+998) 93−183−7002.
Alpomish
Ushbu yopiq konki maydonchasi “Alpomish” muz saroyi ichida joylashgan. Konki maydonining yuzasi muzdan qilingan.

Narxi:
- 30 daqiqa — 50 000 soʻm;
- bir soat — 100 000 soʻm;
- yordamchi stendlar (30 daqiqa) — 10 000 soʻm;
- yordamchi stendlar (bir soat) — 20 000 soʻm;
- trener xizmatlari — 35 000 soʻm;
- instruktor xizmatlari (30 daqiqa) — 40 000 so‘m;
- instruktor xizmatlari (bir soat) — 70 000 soʻm;
- 12 ta mashgʻulot uchun — 650 000 so‘m;
- butun konki maydonini ijaraga olish (bir soat) — 4 000 000 soʻm.
Ushbu ijara narxlariga konki va bir martalik paypoqlar ham kiritilgan.
Murojaat uchun: (+998) 95−171−8866, (+998) 95−171−6688.
Humo Arena
Ha, bu arenada nafaqat xokkey, konsert yoki boshqa tadbirlarni koʻrish mumkin, balki konkida ham uchish mumkin. Humo Arenada nisbatan kichikroq yopiq konkida uchish maydonchasi ham bor. Konki maydonining yuzasi — muz.

Narx barcha yosh toifalar uchun bir xil boʻlib, konki va bir martalik paypoqlar ijarasini o‘z ichiga oladi.
Narxi:
- 30 daqiqa — 60 000 soʻm;
- bir soat — 90 000 soʻm.
Telefonlar: (+998) 94−800−5555, (+998) 55−501−0075.
Ice rink — Riviera
Yopiq konki maydonchasi Riviera savdo markazining uchinchi qavatida joylashgan. Konki maydonining yuzasi muzdan qilingan.

Konki maydoni oziq-ovqat maydonchasi yonida joylashgan — konkida uchish mashgʻulotidan keyin yoki undan oldin issiq ichimliklar ichish mumkin. Dam olish kunlarida bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun muz shousi tashkil etiladi, unda san’atkorlar chiqishlari va koʻngilochar dasturlar namoyish etiladi.
Narxi:
- bolalar (9 yoshgacha) — 45 000 soʻm;
- kattalar uchun — 50 000 soʻm.
Telefonlar: (+998) 99−400−7507, (+998) 95−125−2428.
Tashkent City Park
Tashkent City bogʻida yangi yil arafasida ochiq osmon ostida konkida uchish uchun maxsus maydon tayyorlandi.

Ushbu maydonning qoplamasi tabiiy muzdan emas, ammo u yerdagi yangi yil bayrami atmosferani boyitib turadi.
Muz maydoni ish vaqti: har kuni, 12:00 — 18:00 va 19:00 — 23:00.
Narxi: 30 000 so‘mdan 50 000 so‘mgacha.
Milliy bogʻ
Milliy bogʻda ham mavsumiy ochiq osmon ostidagi konkida uchish maydoni ish boshladi. Qoplamasi sun’iy. Ammo maydon kunduz kuni suratlar tushish uchun ideal, chunki uning foni juda ajoyib.
Narxi:
- 30 daqiqa — 30 000 soʻm;
- 1 soat — 50 000 soʻm.
Muzda koʻrishguncha!