Yangi yil bayrami munosabati bilan Toshkent markazidagi 5 ta ko‘cha vaqtincha yopiladi

Yangi yil bayramlari munosabati bilan Toshkent markazidagi bir qator ko‘chalarda avtomobillar harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, cheklovlar ikki hududda — Milliy kutubxona oldidagi maydon atrofida hamda Taras Shevchenko nomidagi gastronomik-turistik ko‘cha hududida joriy etiladi. Haydovchilarga yo‘l harakatidagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish tavsiya etildi.

2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 15-yanvargacha quyidagi ko‘chalar yopiladi:
- Zarafshon ko‘chasi — Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi qo‘riqlash punkti bilan Matbuotchilar ko‘chasi oralig‘ida;
- Istiqlol ko‘chasi — Buyuk Turon ko‘chasidan Amir Temur shohko‘chasigacha;
- Buyuk Turon ko‘chasi — Istiqlol ko‘chasidan Yoshlar ijod saroyigacha (Iqtisodiyot va moliya vazirligi yonidagi avtoturargoh).

Shuningdek, 2025-yil 17-dekabrdan 2026-yil 5-yanvargacha quyidagi ko‘chalar ham vaqtincha yopiladi:
- Taras Shevchenko ko‘chasi — Fidokor ko‘chasidan Nukus ko‘chasigacha;
- Said Baraka ko‘chasi — Oybek ko‘chasidan Amir Temur shohko‘chasigacha.
Shahar hokimligi aholi va poytaxt mehmonlaridan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik noqulayliklarga tushunish bilan yondashishni hamda yo‘l harakati qoidalariga rioya etishni so‘radi.