Londonda Benksining ikkita bir xil asari paydo bo‘ldi

E’lon qilingan sana· 248
Londonda Benksining ikkita bir xil asari paydo bo‘ldi

Londonda mashhur street-art rassomi Benksining yangi asari paydo bo‘ldi. Graffiti G‘arbiy Londonning Bayswater hududidagi Queen’s Mews ko‘chasida joylashgan garajlar devoriga chizilgan bo‘lib, unda qishki kiyimdagi, yerda yotib osmonga ishora qilayotgan ikki bola tasvirlangan.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu suratning aynan bir xil nusxasi juma kuni London markazidagi Centre Point binosi yonida ham paydo bo‘lgan. Biroq rassom vakillari hozircha faqat Bayswater’dagi ishni rasman Benksi asari sifatida tasdiqlagan.

San’atshunoslar va Benksi muxlislari bu ishni bolalar va uysizlik muammosiga ishora sifatida talqin qilmoqda. Centre Point binosi joylashgan hudud tarixan uy-joy muammolari va ijtimoiy tengsizlikka qarshi noroziliklar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ilgari uzoq yillar bo‘sh turgan bu bino hozirda hashamatli kvartiralarga aylantirilgan.

Benksi yangi ishining mazmuni yoki joy tanlovi haqida izoh bermagan. Shunga qaramay, graffiti ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida katta muhokamaga sabab bo‘ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling