“Erinmaganlar-26”: Yangi yilning ilk yugurish musobaqasidan fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 916
“Erinmaganlar-26”: Yangi yilning ilk yugurish musobaqasidan fotoreportaj

2025-yilning 1-yanvar kuni Toshkentdagi Botanika bog‘idan fotoreportaj tayyorlagandik. Oradan 365 kun o‘tdi-yu, ketdi — endi 2026-yilning xuddi shu kunida yana kamera ko‘tarib, yilning birinchi kunini yugurish bilan boshlashga qaror qilganlarni suratga muhrlagani ko‘chaga chiqdik. Bu safar lokatsiya o‘zgardi — erinmagan odamlar 1-yanvar kuni Ekoparkda yugurdi.

An’anaviy Yangi yil marafonida bu yil ham 100 dan ortiq yuguruvchilar qatnashdi. Bu, aslida, sarlavhada yozilganidek musobaqa emas, bu yerda hech kim bellashmaydi, birinchi bo‘lishga harakat qilmaydi — ular shunchaki Yangi yilda o‘ziga yangi marralar qo‘yib, buni uddasidan 1-kundayoq chiqishga urinadi. Aslida shu emasmi chempionlik?!

Bu marafonda 4 ta masofa bor edi: 2026 metr (bunga har yili bir metrdan qoʻshilib boradi), 7 km, 21 km, 42 km. Ammo boshqa marafonlardan farqli oʻlaroq, bu yerda hammaga bir xil yorliq berildi. Marafonda qatnashish uchun ayni bir lokatsiyaga borish shart emasdi, dunyoning istalgan nuqtasidan yugurish mumkin, medallarni esa belgilangan joydan olib ketish mumkin edi. Shunday boʻlsa ham Ekoparkda yetarlicha odam toʻplangandi.

Odamlar shu yerda bayramni davom ettirardi: kimdir Qorbobo kiyimida, kimdir yuziga akvarel boʻyoqlar bilan chizdirgandi. “Issiqlik” punklarida esa choy, kofe va mandarinlardan bahramand boʻlish mumkin edi, yugurib boʻlgandan keyin ayni muddao.

Marafonda oilaviy va hatto bolalari bilan qatnashganlar ham bo‘ldi. Kichkintoyning ilk “marafon"i va medali.

Umuman olganda, marafonda barcha yoshdagilarni uchratish mumkin edi. Odamlar xush kayfiyatda, 2026-yil hisobidan ilk sogʻlom hayot qadamlarini tashlashdi. Kamiga medallar ham olishdi — qoʻshaloq bayram.

Aytgancha, mana shunday tabdbirlarni oʻtkazib yubormaslik uchun Afisha.uz'ni kuzatib boring, Telegram kanalimizga ulanib olsangiz ayni muddao.

Quyida ushbu virtual marafondan tayyorlangan fotoreportajni tomosha qilishingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif va fotosuratchi
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling