Oʻzbekistonda 2025-yil eng iliq ob-havo kuzatilgan yillardan biri boʻldi

Oʻzbekistonda 2025-yil eng iliq ob-havo kuzatilgan yillardan biri boʻldi. Bu xaqda O‘zgidromet hisobotida xabar berildi.
Qayd etilishicha, 2025-yilning dekabr oyi ham iliq bo‘lgan, uning birinchi yarmi va oxirida bir necha kunida eng iliq harora kuzatilib, havo +13…+18, ayrim joylarda +19…+24 darajagacha isidi.
15-dekabr kuni O‘zbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib keldi va respublika hududi bo‘yicha harorat foni keskin pasaydi. Eng sovuq kechalarda harorat 0…-5 darajagacha, shimolda −8…−13 darajagacha pasaydi, kunduzi esa 0…+2 darajadan ko‘tarilmadi. O‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy ko‘rsatkichlardan 2−3 darajaga yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, dekabr havoning yuqori namligi va tez-tez yog‘ingarchilik bo‘lishi bilan ajralib turdi. Markaziy va janubiy viloyatlarining qator tumanlarida yog‘ingarchilik kuchli darajaga: tekislikda bir kecha-kunduzda 15−25 mm, tog‘ oldi va tog‘larda 30−40 mm gacha, ba’zi joylarda bir kecha-kunduzda 50 mm gachaga yetdi.
Aksariyat viloyatlarda oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 150−300 foiz balandni tashkil etdi. Faqat Xorazm viloyatida, Buxoro, Navoiy viloyatlarining katta qismida yog‘ingarchilik kam va me’yor atrofida bo‘ldi.
Toshkent viloyatida, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarining ayrim joylarida dekabr so‘nggi 25 yil ichida yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lgan oy bo‘ldi. Toshkent shahrida 31-dekabr kuni ertalab yomg‘ir, kunning o‘rtasiga kelib, Yangi yilga bir necha soat qolganida qor ham yogʻdi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi kuzatildi, shimolda va cho‘l hududlarda esa shamolning kuchayishi 22−25 m/s ga yetdi.
2025-yil davomida qanday ob-havo kuzatildi?
Ta’kidlanishicha, o‘tgan 2025-yil O‘zbekistonning barcha hududlarida iliq bo‘lgan. O‘rtacha yillik haroratni me’yordan og‘ishi 1−2 darajani tashkil etdi.
Oʻzbekiston hududining katta qismida yanvar va fevral oylarida o‘rtacha oylik harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, mart oyidan dekabr oyigacha iqlim me’yoridan yuqori bo‘ldi. Me’yorga nisbatan eng iliq oylar aprel va may oylari bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat ko‘p yillik qiymatlardan 2,5−4,5 darajaga iliqroq bo‘ldi.
2025-yil 2016 va 2023-yillar bilan bir qatorda O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yillardan biri bo‘ldi, bir qator hududlarda (jumladan, Toshkent shahrida) esa eng iliq yillar reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, 2025-yil juda quruq bo‘ldi. Respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida yillik yog‘ingarchilik miqdori me’yorning 50−80 foizni tashkil etdi. Faqat shimoli-g‘arbiy hududlarda va respublikaning eng chekka janubida yil davomidagi yog‘ingarchilik miqdori iqlim me’yoriga yaqin bo‘ldi.