Burger King, Pizza Hut, Hardee’s: Oʻzbekistonda ochilgan xorijiy fast fud tarmoqlari

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston gastronomik xaritasi sezilarli darajada oʻzgardi, ayniqsa fast fud sohasi. Mahalliy tarmoqlar bilan bir qatorda koʻplab mashhur xorijiy brendlar ham kirib keldi. Avvallari fast fud deganda asosan mahalliy lavash markazlari xayolimizga kelardi, endi esa Toshkent koʻchalarida jahonga mashhur logotiplar koʻrinish bera boshladi — “Kefsi”, “KiEfSi”, “King Burger"lar emas, haqiqiy KFC, Burger Kingʻlar bor endi.
Chet el tarmoqlari nafaqat bizga moslashdi, balki oʻzimiznikilarni ham oʻzgarishga, oʻsishga majbur qildi — bunda esa faqatgina xoʻrrandalar yutdi. Doimiy chegirmalar, qulay kombolar va har qadamdagi filiallar hamyonbop taom masalasini oson hal qilishga yordam bermoqda.
Xoʻsh, oʻzi bunday tarmoqlardan nechtasi Oʻzbekistonda faoliyat boshladi, hozirgi paytda ular qayerlarda bor va nimalar taklif qilmoqda? Ushbu maqolada koʻrib chiqamiz.
Burgerlar va “tovuq qirollari”
KFC
KFC O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan ilk xalqaro gigantlardan biri. “Polkovnik Sanders"ning 11 xil giyoh va ziravorlardan iborat sirli retsepti hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Achchiq qanotchalar va mashhur basketlar — kompaniyalar va do‘stlar davrasi uchun eng ommabop tanlov bo‘lib qolmoqda.

Tarmoqning poytaxtning oʻzida 20 dan ortiq filiali bor — qayerdan boʻlmang, oʻzingizga yaqin KFC’ni topishingiz mumkin. Ularning menyusidan tvister, burger, boksmaster, tovuq oyoqlari, qanotlari, strips va boshqalarni topishingiz mumkin.
Wendy’s
O‘zining kvadrat shakldagi kotletlari bilan tanilgan ushbu brend “fast-fud ham sifatli bo‘lishi mumkin” degan g‘oyani ilgari suradi. Ularda kutish vaqti boshqalarga qaraganda koʻproq boʻlishi mumkin, lekin buyurtma qilgan taomingiz qaynoq va barra holatda beriladi. Ushbu tarmoqda taomlar buyurtma qabul qilingandan keyin tayyorlanadi.

Ushbu fast fud brendida Toshkentning 10 ta nuqtasida filial bor. Menyudan burger, lavash, vrap, salatlar va turli ichimliklarni topishingiz mumkin. Ular tovuq va mol goʻshtidan mahsulotlarni taklif qiladi.
Burger King
Ana ochiladi, mana ochiladi deb va nihoyat shu kunlarga yetib keldik — “Whopper” afsonasi nihoyat Toshkentda! Ochiq olovda pishiriladigan (flame-grilled) kotletlar tutun isi va o‘ziga xos ta’mi bilan ajralib turadi.

Hozirda afsonaviy burgerlar poytaxtning ikkita nuqtasida — “Alpomish” muz saroyi va Tashkent City Mall’da tayyorlanmoqda. Menyusida vopperlar, rollar va boshqalarning tovuq hamda mol goʻshtidan tayyorlanganlarini topishingiz mumkin.
Hardee’s
Agar siz haqiqiy, yirik va sersuv burgerlarni xush ko‘rsangiz, manzilingiz aniq. Hardee’s asosan mol go‘shtidan tayyorlanadigan qalin kotletlari va premium toifadagi sendvichlari bilan mashhur. Narxlar nisbatan yuqoriroq bo‘lsa-da, sifat va hajm bunga arziydi.

Hozirda uning 3 ta filiali bor: Tashkent City Mall, Seoul Mun va Media Park Qoratosh. Menyuda faqat burger va kombolar.
Black Star Burger
Rossiyalik reper Timati asos solgan va “Sochniy, moshniy” shiori bilan tanilgan brend. Bu yerga nafaqat burger yeyish, balki shou uchun ham kelishadi. Mashhur qora qo‘lqoplar, o‘zgacha taqdimot va yoshlarbop muhit — brendning tashrif qog‘ozi.

Poytaxt boʻylab 5 ta manzildan topish mumkin. Menyuda esa burgerdan tashqari kesadillalar, hot doglar va maffinlar bor.
Pitsalar
Papa John’s
“Yaxshi masalliq — yaxshi pitsa” shioriga sodiq qolgan holda, ular haqiqatan ham mahsulot sifatiga katta urg‘u berishadi. Pomidorli sousning tabiiyligi va har bir buyurtma bilan qo‘shib beriladigan maxsus sarimsoqli sous (garlic dip) hamda qalampir — ularning o‘zgarmas imzosi.

Hozirda ushbu pitsaxonaning poytaxtda naq 18 ta filiali bor. Menyusida faqatgina pitsa (yana nima boʻlsin?!), faqat turli xillaridan.
Pizza Hut
Dunyo bo‘ylab pitsa madaniyatini shakllantirishda katta hissa qoʻshgan eng qadimiy tarmoqlardan biri. Ularning qalin va yumshoq xamirli pitsalari hamda chetlari pishloq bilan to‘ldirilgan variantlari klassika ixlosmandlari uchun ayni muddao.

Hozirda Pizza Hut’ning uchta filiali faoliyat yuritadi. Menyuda “Pepperoni”, “Barbekyu”, “Margarita” kabi klassik pitsalar bor.
Dominoʻs
Xuddi shu nomli oʻyinni oʻynagan boʻlsangiz kerak, ushbu pitsaxona logotipi ham xuddi shunday. AQSh pitsa tarmogʻi Oʻzbekistonda ochilganiga hali koʻp boʻlmadi, ammo oʻzining pitasalari bilan oʻzbekistonlik xoʻrrandalarning qalbidan joy olishga erishdi.

Pitsaxonaning 6 ta filiali bor. Menyusidan esa klassik pitsalar va ayrim qoʻshimchalarni topish mumkin.
Dodo Pizza
Rossiya brendi, xalqaro miqyosda tan olingan pitseriya. Oshxonadagi jarayonni onlayn kamera orqali kuzatish imkoniyati, o‘ta qulay ilova va mashhur “Dodster” uni O‘zbekistondagi eng keng tarqalgan tarmoqlardan biriga aylantirdi.

Ushbu pitsaxonaning hozir 13 ta filiali bor. Menyuda esa pitsalardan tashqari dodster, starter, denvich, pasta va boshqa gazaklarni koʻrish mumkin.
Bonus: shirinlik va qahva
Krispy Kreme
Shuncha taomdan soʻng desertga nima deysiz? Donatlar, kofe — ayni muddao. AQSh tarmogʻining asosiy tashrif qogʻizi ham aynan donatlar.

Ushbu tarmoq hozircha faqatgina bitta manzilda — Alfraganus savdo markazida faoliyat yuritmoqda. Menyusini bir koʻring-a, ishtahalaringiz ochiladi!
Yoqimli ishtaha!