Oʻzbekistonda 2025-yilda muzeylarga 6 milliondan ortiq kishi tashrif buyurdi

E’lon qilingan sana· 523
Oʻzbekistonda 2025-yilda muzeylarga 6 milliondan ortiq kishi tashrif buyurdi

2025-yilda O‘zbekistondagi 114 ta muzeyga 6,1 mln nafar mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda Gazeta Madaniy meros agentligi axborot xizmati ma’lumotlariga tayanib.

Ta’kidlanishicha, bu raqamlar 2024-yilga nisbatan 12,5 foizga ko‘p (ammo 2022-yilgi rekorddan sal kamroq — 6,5 mln kishi edi oʻshanda). 2025-yilda quyidagi muzeylarga eng ko‘p odam tashrif buyurdi:

  • Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi — 1 million 145 ming 595 kishi;
  • Registon ansambli — 1 million 136 ming 69 kishi;
  • Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasi — 851 ming 714 kishi;
  • Xiva Ichan-qal'a davlat muzey qo‘riqxonasi — 476 ming 592 kishi;
  • “Shahrisabz” davlat muzey qo‘riqxonasi — 185 ming 604 kishi.

Ma’lumotlarga koʻra, bugungi kunda agentlik tizimida 114 ta davlat muzeyi faoliyat yuritadi. Shundan 37 tasi asosiy muzey, 71 ta muzeylar filiallari hamda 6 tasi muzey qo‘riqxona hisoblanadi.

2025-yili davlat muzeylarida elektron identifikatsiya qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalar soni 500 mingtaga yetkazildi. Bundan tashqari, 301 ta madaniy meros obyektlari raqamlashtirildi, 217 ta muzey va obyektlarning 360 daraja tasvirlari yagona axborot bazasiga joylashtirildi. Shuningdek, O‘rol Tansiqboyev tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, Buxoro ilk biyennalesi, Pekin va Moskva shaharlarida O‘zbekiston muzey ashyolarining xalqaro ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling