"Oʻtkan kunlar" myuzikli uchun kasting boshlandi

Oʻzbekistonda Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romani asosida ishlanadigan myuzikli uchun kasting e’lon qilindi. Loyiha o‘zbek tilidagi xalqaro miqyosdagi myuzikl sifatida e’lon qilingan bo‘lib, nafaqat mamlakatimizda, balki chet el sahnalarida ham namoyish etish uchun tayyorlanmoqda.
Yirik musiqiy teatr loyihasida o‘zini sinab ko‘rishni va xalqaro jamoa bilan ishlash tajribasini orttirishni xohlovchi vokalistlar ishtirok etishga taklif qilinadi. Saralash xalqaro va mahalliy musiqa san’atining taniqli namoyandalari ishtirokida o‘tkaziladi.
Kasting qoʻmitasiga italiyalik teatr rejissyori Stefano Poda, fransuz bastakori va pianinochi Jorj Tombe, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori Alibek Kabdurahmonov, Oʻzbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov va maxsus mehmon yulduzlar kiradi.
Kasting 6−8 fevral kunlari Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida boʻlib oʻtadi. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Kastingga roʻyxatdan oʻtish va qoʻshimcha ma’lumotni olish uchun ushbu telefon raqami (+998) 99−838−6515 va cultural_events@acdf.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingiz mumkin.
