Toshkentdagi koreys uslubidagi fotobudkalar

E’lon qilingan sana· 546
Toshkentdagi koreys uslubidagi fotobudkalar

Hozirda Koreya madaniyatiga qiziquvchilar, koreys filmlari, musiqasi va milliy taomlarining muxlislari tobora ko‘payib bormoqda. Shunga mos ravishda Toshkentda ham koreys muhitini his qilish mumkin bo‘lgan maskanlar soni ortmoqda. Shunday joylardan biri koreys uslubidagi kichik foto studiyalar.

Minimalist interyer, tezda tayyor boʻladigan natija va eng asosiysi jonli, samimiy kadrlar bu formatning asosiy belgilaridir. Bu fotobudkalar shunchaki rasm olish uchun emas, balki kayfiyat va oʻsha lahzani saqlab qoʻyish uchun yaratilgandek.

Koreyada mashhur bo‘lgan ushbu format endi Toshkentda ham o‘z auditoriyasini topdi. Do‘stlar va yaqinlari bilan har xil ovrazlarda yoki effektlarda tushilgan suratlar, juftliklar uchun romantik kadrlar yoki yolg‘iz o‘zingiz bilan estetik selfilar, barchasi bitta kichik xonada mujassam.

Toshkentda hozirda uchta koreys uslubidagi foto studiyalar mavjud. Ularning har biri o‘ziga xos atmosfera, dizayn va detallarga ega.


Fotobudkalar oʻzi nima va qanday ishlaydi?

Fotobudkalar bu kamera bilan jihozlangan avtomatlashtirilgan qurilmalar bo‘lib, qisqa vaqt ichida suratga tushish va ularni tezda chiqarish imkonini beradi.

Fotobudkadan foydalanish juda sodda. Avval suratga tushishdan oldin tayyorlanish mumkin, ko‘zoynak, shlyapa, soch uchun aksessuarlar kabi turli bepul rekvizitlar taqdim etiladi. Keyingi jarayon esa format va filtr tanlanadi: eng mashhur variant — to‘rt kadrli vertikal format bo‘lib, u xatcho‘pga o‘xshaydi. Ba’zi fotobudkalarda muayyan tadbirlar yoki bayramlarga moslashtirilgan maxsus ramkalar ham bo‘ladi. Har bir surat orasida atigi 10 soniya vaqt beriladi, shundan so‘ng suratlar darhol chop etiladi. Shuningdek, foydalanuvchiga QR-kod ham berilib, uni skaner qilish orqali suratlarning raqamli nusxalarini yuklab olish mumkin.

Barcha fotobudkalar deyarli bir xil, ammo kichik farqlanishlar boʻlishi mumkin. Bunday hollarda, fotobudka xizmatchilariga murojaat qilishingiz mumkin, ular sizga barcha jarayonlarda yordam berishadi.


Photo Signature

Ochilganiga ko‘p bo‘lmagan koreys uslubidagi Photo Signature fotostudiyasida turli obrazlarda suratga tushish mumkin. Bu yerda har bir tashrif buyuruvchi o‘z kayfiyatiga mos kadr yaratishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Agar suratga tushishdan oldin o‘zingizni tartibga keltirmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun alohida tayyorlanish zonasi mavjud. U yerda soch dazmollari, taroqlar va boshqa zarur jihozlar taqdim etilgan.

Suratga tushish narxi 40 000 soʻmdan boshlanadi, barcha akssesuarlardan istalgancha foydalanish mumkin.

Ish vaqti: 11:00−23:00
Manzil: Park in Mall savdo markazi.


Storylab

Storylab koreys uslubidagi fotobutkalarga biroz boshqacha yondashuvni taklif qiladigan maskan. Agar Photo Signature minimalizm va “clean” estetika bilan ajralib tursa, Storylab’da asosiy urg‘u kayfiyat va obrazga qaratilgan.

Bu fotostudiyada koreys milliy hanbok liboslarini ijaraga olib suratga tushish imkoniyati ham mavjud. Bundan tashqari, Storylab’ning birinchi qavatida K-pop do‘koni joylashgan bo‘lib, u yerda koreys pop-madaniyati muxlislari uchun turli merch va aksessuarlarni topish mumkin.

Rasmga tushish 40 000 soʻmdan 50 000 soʻmgacha va barcha akssesuarlar shu narx ichiga kiritiladi.

Manzil: Seoul Mun


Photogray

  • false
  • false

Photogray haqiqiy koreys uslubidagi fotobutkalardan biri hisoblanadi. Bu yerda hammasi xizmat ko‘rsatish jarayonidan tortib, aksessuarlargacha koreyscha uslubda tashkil etilgan.

Photogray’ning asosiy afzalliklaridan biri — fotobutkalar va aksesuarlar sonining yetarli ekanligi va chiroyli kadrlar yaratish uchun turli effektlarning mavjudligi.

Suratga tushish narxi 40 000 so‘mdan 50 000 so‘mgacha bo‘lib, to‘lov faqat naqd pul orqali qabul qilinadi. Studiyada mavjud aksessuarlardan esa xohlagancha, qo‘shimcha to‘lovsiz foydalanish mumkin.

Ish vaqti: 11:00−02:00
Manzil: Seoul Mun

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling