Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilarining yangi formasini taqdim etdi

E’lon qilingan sana· 179
Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilarining yangi formasini taqdim etdi

Uzbekistan Airways kompaniyasi tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan bort kuzatuvchilar uchun mo‘ljallangan yangi xizmat formasini taqdim etdi.

  • false
  • false

Aviakompaniya yangilangan rasmiy kiyimlarni bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirgan bo‘lib, mazkur jarayon 2026-yilning ikkinchi choragida to‘liq yakunlanadi.

Uniformani yangilash bo‘yicha qaror kompaniyaning strategik rivojlanish rejasi doirasida qabul qilingan bo‘lib, u brendni mustahkamlash va xalqaro servis standartlariga moslashishni maqsad qiladi.

Gazeta.uz nashrining ma’lumotlariga koʻra, yangi forma ranglar palitrasi to‘q ko‘k (osmon ramzi) va toʻq qizil (bordo) ranglariga asoslangan. Bort kuzatuvchi ayollar uchun pushti rangdagi sharflar, shuningdek, sharqona mehmondo‘stlik ramzi sifatida adrasdan ilhomlangan soch bezaklari ham taqdim etilgan.

Bordo rangdagi pidjaklar instruktorlar va bort kuzatuvchi-brigadirlar (bortdagi katta mas’ul shaxslar) uchun mo‘ljallangan. Bu yo‘lovchilarga ekipaj rahbarini darhol aniqlash imkonini beradi.

Liboslar jamlanmasi kengaytirilgan bo‘lib, unga oyoq kiyimlari va boshqa zarur elementlar ham kiritilgan. Siluetlar ergonomika, uzoq parvozlar va turli tana tuzilishiga ega xodimlar uchun qulaylikni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Sovuq mavsum uchun trikotaj kardiganlar, kapyushonli plashlar va ilk bor plash-puxoviklar kiritilgan. Bu bort kuzatuvchilarning qayerga parvoz qilishidan qat’i nazar, o‘zini qulay his etishini ta’minlashi aytib oʻtilgan.

Xodimlarining ko‘pligi va zich reyslar jadvalini inobatga olgan holda, yangi formani joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Yangi uniforma dizayni va tikilishi Narimteks kompaniyasi (Molto Caldo brendi) tomonidan bajarilgan. Erkaklar uchun mo‘ljallangan forma liniyasi esa Fahir tekstil savdo kompaniyasi (Bugaso brendi) tomonidan ishlab chiqarilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling