Oʻzbekiston Dubayda boʻlib oʻtgan UAE SWAT Challenge musobaqasida 60-oʻrinni egalladi

2026-yilda yetakchilikni Qozogʻiston maxsus kuchlariga qoʻlga kiritdi.
Dubayda 7−11 fevral kunlari Dubay politsiyasi tomonidan tashkil etilgan UAE SWAT Challenge musobaqasi boʻlib oʻtdi. 2019-yildan beri oʻtkazib kelinayotgan musobaqada butun dunyoning turli burchaklaridan saralangan maxsus bo‘linmalar ishtirok etadi. Ishtirokchilar beshta qiyin bosqichdan oʻtib, jismoniy chidamlilik, aniqlik, jamoaviy harakat hamda haqiqiy operatsiyalarga yaqin sharoitlarda bosim ostida ishlash qobiliyatlarini sinovdan oʻtkazadilar.
Bu yilgi musobaqalarda 48 davlatdan 109 ta jamoa qatnashdi. O‘zbekiston nomidan “Uzbekistan Police” jamoasi ishtirok etdi.
Birinchi kun natijalariga ko‘ra, “Uzbekistan Police” jamoasi 66-o‘rinni egalladi. Ikkinchi bosqichdan so‘ng 73-o‘ringa tushib, uchinchi bosqichni 64-o‘rinda, to‘rtinchi bosqichni esa 86-o‘rinda yakunladi. Beshinchi musobaqada jamoa 10-o‘ringa ko‘tarildi. Umumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston 252 ball to‘plab, 60-o‘rinni egalladi.
Qozogʻiston C jamoasi UAE SWAT Challenge musobaqasida 536 ball toʻplab gʻolib boʻldi. Ikkinchi oʻrinni Qozogʻistonning yana bir jamoasi — Qozogʻiston A jamoasi 515 ball bilan egalladi. Uchinchi o‘rinni esa 493 ball to‘plagan Xitoy politsiyasining C jamoasi qoʻlga kiritdi.