"V Milliy mehmondo‘stlik" mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

E’lon qilingan sana· 158
"V Milliy mehmondo‘stlik" mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

14-fevral kuni “VII Hotel Business Forum 2026” doirasida turizm va mehmondo‘stlik sohasida yil yakunlarini sarhisob qiluvchi yubiley tadbiri “V Milliy mehmondo‘stlik” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ochib berdi. U o‘z nutqida turizmni barqaror rivojlantirish uchun kasbiy standartlarni doimiy ravishda oshirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda mamlakatning zamonaviy qiyofasini shakllantira oladigan malakali kadrlarni tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Mukofot 2021-yildan buyon O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi tashabbusi bilan, Turizm qo‘mitasi ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Uning asosiy maqsadi — xizmat ko‘rsatish madaniyatini rivojlantirish, mehmonxona xizmatlari sifatini oshirish va O‘zbekistonning zamonaviy sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi imidjini mustahkamlashdir.

Bu yilgi “Mukofot-2025” o‘tgan yildagi yutuqlar va natijalarning ifodasiga aylandi. Ishtirokchilar geografiyasi sezilarli kengayib, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Farg‘ona vodiysigacha bo‘lgan hududlarni qamrab oldi. Nominatsiyalarda 210 ta mehmonxona ishtirok etdi, jami 305 ta ariza topshirildi. G‘oliblar TrustYou xalqaro reyting agentligi ma’lumotlari hamda hakamlar hay’ati baholari asosida aniqlangan.

G‘oliblar:

  • InterContinental Tashkent — “Toshkentdagi eng yaxshi biznes-otel”
  • Frankfort Expo Hotel — “Eng yaxshi kichik mehmonxona”
  • Crown Plaza Tashkent — “Eng yaxshi eko-otel”
  • Misgaron Hotel — “Madaniy meros obyekti hududidagi eng yaxshi mehmonxona”
  • Mövenpick Hotel Samarqand — nominatsiya g‘oliblari qatorida

Ayni paytda xalqaro mehmonxona brendlari O‘zbekiston mehmonxona xizmatlari bozorida o‘z ishtirokini faol kengaytirmoqda. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda IHG, Accor, Wyndham, Radisson, Hilton va Hyatt kabi global tarmoqlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling