Ramazon oyining ilk kuni 19-fevralga to‘g‘ri keladi

Prezident qaroriga ko‘ra, Ramazon oyining boshlanishi 19-fevralga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti qabul qilingan.
Hujjatda “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi asosida qator ishlar amalga oshirilishi belgilandi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilandi.
“Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi asosida quyidagilar amalga oshiriladi:
- kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
- mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish;
- yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish;
- Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazish.