Mart oyidagi bayramlarda xodimlar necha kun dam oladi?

E’lon qilingan sana· 152
Mart oyidagi bayramlarda xodimlar necha kun dam oladi?

Oʻzbekistonda mart oyidagi bayramlar dam olish kunlariga toʻgri kelmoqda, bunday hollarda xodimlar necha kun dam oladi? Bu haqda Bandlik vazirligi Mehnat va kasb standartlari boshqarmasi boshlig‘i Laziz Qarshiyev izoh berdi.

Bu yil 21-mart — Navroʻz bayrami shanba kuniga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda, Ramazon oyi 19-fevraldan boshlab 30 kun davom etsa, Ramazon hayiti ham 21-mart kuni nishonlanishi kutilmoqda.

Amaldagi Mehnat kodeksining 208-moddasiga ko‘ra, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, ushbu dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi.

Haftada 5 kun ishlaydiganlar uchun:

  • 21-mart — bayram kuni;
  • 22-mart — yakshanba;
  • 23-mart — ko‘chirilgan dam olish kuni (dushanba).

Shunday qilib, 3 kunlik uzluksiz dam olish belgilanadi.

Haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun:

  • 21-mart — bayram kuni;
  • 22-mart — yakshanba.

Bu toifadagi xodimlar 2 kun dam oladi.

Shuningdek, 8-mart — Xotin-qizlar kuni ham yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Haftada 5 kun ishlaydiganlar uchun:

  • 7-mart — shanba;
  • 8-mart — bayram;
  • 9-mart — ko‘chirilgan dam olish kuni.

Jami 3 kun dam olish kuni bo‘ladi.

Haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun:

  • 8-mart — bayram;
  • 9-mart — ko‘chirilgan dam olish kuni.

Ular 2 kun dam oladi.

Qonunchilikka o‘zgartirish kiritilsa, qo‘shimcha ma’lumot berilishi xabar qilinmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling