Fotosayr: Respublika bolalar kutubxonasi

Toshkent markazidagi Respublika bolalar kutubxonasi shunchaki kitob saqlanadigan joy emas, balki allaqachon shaharliklarning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Agar siz hali ham kutubxona deganda faqat jimjitlik va eski kitob hidi keladigan dim xonalarni tasavvur qilsangiz, adashasiz.
Kutubxona tarixiy devorlari saqlab qolingan holda ichi butunlay transformatsiya qilingan: keng va yorug‘ zallar, qulay kovorking zonalari va, albatta, har qadamda kitoblar. Biz bu galgi fotosayrimizda aynan shu yerdagi muhitni kadrlarga muhrladik.

Kutubxona binosi XIX asr oxirida qo‘qonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar tomonidan qurilgan. Ko‘p o‘tmay oila binoni sotib yuborgan hamda uning bir qismiga Toshkent shahar dumasi va xalq yig‘ini joylashgan, turar joy qismi esa bolalar kutubxonasiga aylantirilgan. O‘tgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning o‘smirlar bo‘limi Vadyayevlar uyining kutubxona binosiga ko‘chiriladi va keyinchalik u to‘liq Respublika bolalar kutubxonasi ixtiyoriga o‘tkaziladi.

2020−2023-yillarda esa tarixiy bino rekonstruksiya qilinadi, loyiha Sankt-Peterburgning Ludi Architects arxitektura byurosi tomonidan amalga oshirilgan. Kutubxonaning ichki qismida pardoz ishlari davomida qiziqarli topilmalarga duch kelingan. Xususan, ular orasida XX asrning 60-yillariga mansub manzarali devoriy suratlar ham bor. Tashrif buyuruvchilar kutubxonaning ichki qismidagi restavratsiya qilingan rangtasvir namunalarini tomosha qilishlari mumkin.

Bu yerda hamma o‘zi bilan band bo‘ladi. Kimdir imtihonga tayyorlanadi, kimdir yangi bestsellerni varaqlaydi, yana kimdir shunchaki noutbukda ishlab o‘tiradi. Nomi “bolalar kutubxonasi” bo‘lsa-da, unda kattalar ham o‘zlarini xuddi ertakdagidek his qilishadi. Kichkintoylar uchun alohida, xavfsiz va qiziqarli hududlar qilingan. Qolaversa, ustozlar bilan mashg‘ulotlar, mahorat darslari va boshqa turli tadbirlar ham o‘tkaziladi.

Tashrif buyuruvchilar maxsus ID karta oladi. U orqali kitobxonlarni ro‘yxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.
Ish vaqti: Har kuni
Suratlarni tomosha qiling va kutubxonaning bugungi hayoti bilan tanishing. Balki dam olish kunlaridagi rejangizga aynan shu maskanni qo‘sharsiz?