BMT 1-oktabrni Xalqaro qahva kuni deb e’lon qildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 1-oktabr sanasini rasmiy ravishda Xalqaro qahva kuni deb e’lon qildi.
Tegishli rezolyutsiya 10-mart kuni Nyu-Yorkda ma’qullandi. Hujjat mualliflari qatorida Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi o‘nlab davlatlar ham bor.
Unda qahvaning madaniy, ijtimoiy va tarixiy ahamiyati alohida ta’kidlangan. Hujjatga ko‘ra, qahva nafaqat muhim qishloq xo‘jaligi mahsuloti, balki ijtimoiy muloqot, madaniy ifoda va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kundalik an’analar ramzi hisoblanadi.
Shuningdek, kofe ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayoni barqaror rivojlanish maqsadlariga ham hissa qo‘shishi qayd etilgan. Jumladan, u ochlikka qarshi kurash, qashshoqlikni kamaytirish, ayollar imkoniyatlarini kengaytirish hamda munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qahva global savdoning muhim qismi bo‘lib, millionlab fermer xo‘jaliklari uchun daromad manbai hisoblanadi. Bugungi kunda kofe sanoati yiliga 200 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi va dunyodagi eng faol savdo qilinadigan mahsulotlardan biri bo‘lib qolmoqda.