Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazi
xotira, bilim va muloqot maskani
Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazi
xotira, bilim va muloqot maskani
Toshkentda yaqin orada shunchaki muzey yoki me’moriy obida deb atash mushkul bo‘lgan noyob majmua eshiklarini ochadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaning boy tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan yirik markazga aylanadi. Loyihaning asosiy maqsadi — islomni shunchaki mavhum tushuncha emas, balki butun boshli davrlarning ilmi, san’ati va tafakkur tarziga poydevor bo‘lgan jonli sivilizatsiya sifatida namoyon etishdir.

Loyiha nafaqat dindorlar, balki Sharq tarixi, falsafasi va madaniyatiga, shuningdek, Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasiga qiziquvchi barcha uchun o'ziga xos maskan sifatida rivojlantirilgan.

Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish g‘oyasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Davlat rahbari 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan so‘zlagan nutqida ma’rifatni rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoning boy intellektual merosini jahon ilmiy va madaniy maydoniga qaytarish muhimligini alohida ta’kidlagan edi.
reklama
Markaz qurilishi 2019-yilda, loyihani tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident farmoni imzolanganidan so‘ng boshlandi. O‘tgan yillar davomida me’morlar, olimlar va kuratorlar hamjihatlikda faoliyat yuritib, ushbu maskanni nafaqat me’moriy obida, balki yirik intellektual makon sifatida shakllantirish ustida ish olib bordi.

Loyiha doirasida keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar o‘tkazildi, ham O‘zbekistonda, ham uning tashqarisida saqlanayotgan qo‘lyozmalar va artefaktlar kataloglashtirildi. Shuningdek, “Sivilizatsiya — Shaxs — Kashfiyot” nomli asosiy konsepsiyaga tayangan holda ekspozitsiyalarning tematik ssenariylari ishlab chiqildi.

2019–2025-yillar oralig‘ida loyiha UNESCO, ISESCO va IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Yevropa va Yaqin Sharqdagi nufuzli muzey hamda universitetlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik tufayli sezilarli darajada rivojlandi va kengaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari mamlakat hududidan olib chiqib ketilgan noyob artefaktlarni xalqaro miqyosda qidirish ishlari tashkil etildi. Turli davrlarga oid ushbu tarixiy qadriyatlar xalqaro auksionlarda xarid qilinib, Vatanga qaytarildi.

O‘zbekistonning eng yirik madaniy-ma’rifiy loyihalaridan biri hisoblangan ushbu majmua bir tom ostida 2 mingdan ziyod eksponatga ega muzey, dunyoga "Toshkent Mushafi" nomi bilan mashhur bo‘lgan Usmon Qur’oni saqlanadigan namoyish zali, noyob qo‘lyozmalar fondi, ulkan kutubxona hamda ilmiy-ta’limiy maydonlarni birlashtiradi.
reklama
Markaz Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan bo‘lib, qariyb 10 gektar maydonni egallaydi. Bino o‘z me’moriy qiyofasi bilan ilk nigohdayoq hayrat uyg‘otadi. Bu yerda shakl va mazmun uyg‘unligi shunday ishlangan-ki, gumbazli unsurlar, simmetriya va detallarga bo‘lgan yuksak e’tibor osoyishtalik hamda ichki muvozanat hissini beradi. Balandligi qariyb 34 metr bo‘lgan to‘rtta muhtasham peshtoqqa ega uch qavatli binoning markaziy gumbazi 65 metrga qadar yuksalib, butun majmuaning me’moriy ohangini belgilab beradi. Bu yerda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘g‘rilgan dabdaba yo‘q — aksincha, an’analarga va vaqt hukmiga bo‘lgan cheksiz hurmat sezilib turadi.

Markaz arxitekturasi mustaqil til vazifasini o‘taydi: u shunchaki ziynat emas, u o‘tmish bilan teran muloqotga chorlaydi. Bu shunday maskanki, unda inson noixitiyoriy ravishda qadamini sekinlatadi; tepaga boqish, mutolaa qilish, tinglash hamda xalqning, mamlakatning va butun dunyoning o‘tmishi, buguni va kelajagi haqida mushohada yuritishni istab qoladi.
Markazning muzey ekspozitsiyasi oltita zalga bo‘lingan, ularning har biri mamlakat tarixining muayyan bosqichiga bag‘ishlangan: “Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar”dan tortib, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, XX asr, “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” hamda “Muqaddas Qur’on” zallarigacha. Bunday tuzilma tomoshabinni madaniy, ilmiy va ma’naviy tarixning ming yilliklari bo‘ylab sayohatga chorlovchi immersiv hikoya uslubini yaratadi.

Zallar doira shaklida joylashgan va vizual jihatdan bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, to‘xtovsiz tarixiy jarayonni aks ettiradi. Yorug‘lik, badiiy bezaklar va multimedia elementlari har bir davrga mos ravishda o‘zgarib, o‘sha davr ruhiyati va sur’atini his qilishga yordam beradi. Markazning vizual konsepsiyasi ustida xalqaro jamoa ishlagan: o‘zbekistonlik mutaxassislar Rossiya, Germaniya, Polsha, Misr, Xitoy va Hindiston ekspertlari bilan hamkorlik qilgan. Ekspozitsiyadan ilgari xorijdagi muzey fondlari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlangan Angliya, Germaniya va Saudiya Arabistonidan keltirilgan eksponatlar ham joy olgan. Umuman olganda, Markazni tashkil etishga 800 dan ortiq mutaxassis — olimlar, ekspertlar, diniy va jamoat arboblari, shuningdek, ilmiy ekspertiza va eksponatlarni tanlash bilan shug‘ullangan ko‘plab xorijiy tadqiqotchilar jalb etilgan.
reklama
Markazning bosh vazifalaridan biri — Islom sivilizatsiyasini bilim va yutuqlar prizmasi orqali ko‘rsatib berish. Ekspozitsiyalar nomi bugungi O‘zbekiston va butun mintaqa hududi bilan bog‘liq bo‘lgan olim, mutafakkir, shoir hamda ulamolarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan.

Bu yerda nafaqat din, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, xattotlik va falsafaga ham urg‘u berilgan. Ekspozitsiyalar Islom sivilizatsiyasi bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan ilmiy tafakkur va madaniy kodlarni qanday shakllantirganini so‘zlab beradi.

Muhimi, materiallar zamonaviy tomoshabinga moslashtirilgan: multimedia formatlari, kengaytirilgan ma’lumotlarga ega sensorli panellar, 3D-panoramalar, video va ovozli proyeksiyalar, dinamik eksponatlar hamda mustaqil tanishish uchun audiogidlar qo‘llanilgan. Bunday format majmuani zamonaviy inson uchun tushunarli va qulay qiladi. Markazga tashrif buyurish uchun maxsus tayyorgarlik talab etilmaydi — u tinglashga tayyor bo‘lgan har bir inson bilan muloqotga ochiq.
Mehmonlar binoga har biri turli me’moriy an’analardan ilhomlangan to‘rtta muhtasham peshtoq orqali kirib keladi. Ostonadanoq o‘zgacha muhit seziladi va u butun bino bo‘ylab davom etadigan umumiy kayfiyatni belgilab beradi.

Markaz bilan tanishuv mintaqaning intellektual va madaniy taraqqiyotidagi muhim bosqichlarni ifodalovchi 14 ta arkadan iborat keng atriumdan boshlanadi. Bu yerda tashrif buyuruvchilarni yuzdan ortiq mashhur olim va mutafakkirlarning raqamli avatarlari qarshi oladi. Ular mehmonlarga ehtirom ko‘rsatib, Markazning g‘oyasi va mavzulari bilan tanishtiradi.
реклама
Shu yerning o‘zidayoq toshkentlik rassom Alisher Aliqulov tomonidan yaratilgan mahobatli mozaika kompozitsiyasi diqqatni tortadi. Bu asar butun ekspozitsiyaning ham vizual, ham mazmun jihatdan muqaddimasi vazifasini o‘taydi.

Yagona ulkan badiiy matoga birlashtirilgan o‘n oltita panno mintaqaning madaniy va tarixiy merosini bosqichma-bosqich ochib beruvchi ko‘p qatlamli hikoyani yaratadi.

Mozaika ustida ishlash uchun Yevropa va Janubiy Amerikaning turli mamlakatlari — Italiya, Ispaniya, Portugaliya va Braziliyadan keltirilgan yuzdan ortiq rangdagi tabiiy toshlardan foydalanilgan. Bu bilan panno sirti go‘yo “jonlanadi”: ranglar va fakturalar yorug‘lik hamda qarash burchagiga qarab o‘zgarib, harakat va teranlik hissini uyg‘otadi.

Kompozitsiyada islom dunyosining buyuk mutafakkirlari va olimlari — Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy va boshqalarning siymolari jamlangan. Mozaikaning har bir bo‘lagi ushbu shaxslarning ilmiy yutuqlari bilan bog‘liq ramzlar va detallar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, asarni islom sivilizatsiyasining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi haqidagi mustaqil vizual hikoyaga aylantiradi.
Islom sivilizatsiyasi markazi muloqot va bilim almashish maydoni sifatida yaratilgan. Bu yerda ma’ruzalar, munozaralar, ilmiy konferensiyalar va ta’lim dasturlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar” zali tashrif buyuruvchilarni ming yilliklar qa’riga — mezolit davridagi qoyatosh chizmalaridan tortib, bronza davri yodgorliklarigacha bo‘lgan tarixga g‘arq etadi. Unda arxeologik topilmalar, petrogliflar, bronza buyumlari va qadimiy yozuv namunalari o‘rin olgan. Raqamli rekonstruksiyalar yordamida ilk manzilgohlar, savdo yo‘llari va qadimiy shahar madaniyati qayta “jonlanib”, mintaqamiz islom dini yoyilishidan ancha avvalroq insoniyat tamaddunining eng qadimiy o‘choqlaridan biri bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.

Eksponatlar orasida Baqtriya sivilizatsiyasi merosiga alohida urg‘u berilgan: bronza davriga oid kulolchilik namunalari, zargarlik buyumlari va diniy ashyolar o‘sha davr jamiyatining yuksak tashkiliy darajasini, jumladan, quruq iqlim sharoitida barqaror hayot kechirish imkonini bergan rivojlangan irrigatsiya tizimlarini ochib beradi. Shundan so‘ng, ekspozitsiya Xorazm va So‘g‘d madaniyatlari, zardushtiylik an’analari hamda madaniy-savdo almashinuvi gullab-yashnagan davr — Buyuk Ipak yo‘li rivojiga ulanadi.
реклама
VIII–XIII asrlarni qamrab olgan Birinchi Renessans zali islomiy "Oltin davr"ning ilmiy yuksalishiga bag‘ishlangan. Ekspozitsiya o‘sha davrning buyuk mutafakkirlari siymosi atrofida qurilgan: bu yerda Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Al-Moturidiy va boshqalarning nomlari yangi jilo kasb etadi. Ularning kashfiyotlari, o‘lmas asarlari va jahon madaniyatiga ko‘rsatgan ta’siri noyob qo‘lyozmalar, interaktiv panellar hamda multimedia materiallari orqali yoritilib, bu merosning ko‘lamini to‘laqonli his qilish imkonini beradi.

Ayniqsa, noyob va tabarruk ashyolar — Ka’ba eshigining qariyb sakkiz asrlik haqiqiy kaliti, uning aniq nusxasi hamda bir paytlar muqaddas manzilni yopib turgan Kisva parchalari tashrif buyuruvchilarning diqqat markazida bo‘ladi.
Keyingi zalda mehmonlar XIV–XV asrlarni qamrab olgan va “Ikkinchi Renessans davri” nomi bilan mashhur bo‘lgan Temuriylar saltanati tarixiga duch keladi. Zalning markaziy eksponati — buyuk sarkarda Amir Temurga tegishli bo‘lgan qo‘lyozma Qur’on karimdir. Bu noyob meros o‘sha davr madaniy boyligi va intellektual cho‘qqilarining yorqin timsolidir.

Sayohat XX asr zalida davom etadi. Bu yerda mintaqa tarixi arxiv fotosuratlari, hujjatlar, ro‘zg‘or buyumlari hamda olimlar, faylasuflar va yozuvchilarning ilmiy merosi orqali namoyon bo‘ladi. Jamiyatning transformatsiya jarayoni: xonliklarning parchalanishi, yangi davlat institutlarining shakllanishi va madaniy an’analarning bosqichma-bosqich yangilanishi jonli tarzda aks ettirilgan.
Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichi “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” zalida taqdim etilgan. Uning markazidan O‘zbekiston bayrog‘ining hayot daraxtiga aylanib boruvchi mahobatli badiiy proyeksiyasi joy olgan. Ekspozitsiya, shuningdek, bugungi kun xalq amaliy san’ati — kandakorlik, gilamdo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik va naqqoshlik namunalari orqali an’analarning zamonaviy ustalar qo‘lida qanday yangi nafas olayotganini ko‘rsatib beradi.
реклама
Uch qavatli binoning qoq markazida balandligi 65 metr bo‘lgan mahobatli gumbaz qad rostlagan. Uning ostida dunyodagi eng qadimiy qo‘lyozma Qur’on nusxalaridan biri — Usmon Mushafi saqlanadigan maxsus zal joylashgan. Xalifa Usmon davrida ko‘chirilgan ushbu muqaddas qo‘lyozma Islom tarixidagi eng buyuk tabarruk ashyolardan biri sanaladi. Qo‘lyozma YUNESKOning butun jahon ahamiyatiga molik madaniy merosni asrash va ommalashtirishga qaratilgan “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan. Asl nusxaga yaqin borish yoki uni suratga olish taqiqlangan, biroq tashrif buyuruvchilar uchun qo‘lyozma tarixini batafsil o‘rganish va detallarini ko‘zdan kechirish imkonini beruvchi nusxalar hamda multimedia materiallari tayyorlangan.

Binoning ikkinchi qavatida ulkan arxiv fondiga ega boy kutubxona joylashgan: unda 100 mingdan ziyod qo‘lyozma va litografiyalar, 200 mingga yaqin bosma nashrlar hamda bir milliondan ortiq elektron materiallar jamlangan. Binoning pastki qavatida esa bolalar muzeyi bo‘limi faoliyat ko‘rsatadi. Bu interaktiv maydonda murakkab ma’lumotlar vizual obrazlar, multimedia installyatsiyalari va o‘yin formatlari orqali taqdim etiladi.
Toshkent uchun Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki yangi madaniy obida emas, balki tarix va o‘zlikni qayta anglash ramzidir. Majmuaga bir marta tashrif buyurish kamlik qiladi: barcha zallarni shoshilmasdan ko‘zdan kechirish uchun kamida bir yoki bir yarim soat vaqt talab etiladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi shu yilning mart oyida ochilishi rejalashtirilgan.
Kirish chiptalarining narxi hozircha noma’lum.

Markaz poytaxtning madaniy yo‘nalishlari qatoridan mustahkam o‘rin oladi, bu yerga shunchaki “vazifa yuzasidan” emas, balki chinakam qiziqish bilan: yolg‘iz, do‘stlar, oila davrasida yoki shahar mehmonlari bilan kelish mumkin bo‘lgan maskanga aylanadi.
Din ko‘p hollarda ziddiyat va tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgan bugungi dunyoda bunday maskanlarning o‘rni beqiyos — ular murakkab mavzular haqida xotirjam, hurmat bilan va yuzaki yondashuvlarsiz so‘zlashishga yordam beradi.
Matn: Arina Melnichuk.
Foto: Yevgeniy Sorochin.

Maqola 2026-yil 12-martda e’lon qilindi.
реклама