Fotosayr: Chig‘atoy ovqat bozori

Chig‘atoy — Toshkentning eng “mazali” va fayzli maskanlaridan biri bo‘lib, bu yer nafaqat taomlari, balki o‘ziga xos bozor muhiti bilan ham mashhur. Uning nomi tilga olinganda, birinchi navbatda, ko‘cha bo‘ylab taraladigan issiq Chig‘atoy patirlarining isi dimog‘ga urilgandek bo‘ladi.

Chig‘atoy bozorining shakllanishi bevosita Toshkentning eski shahar qismidagi darvozalar tarixiga borib taqaladi. Mazkur strategik nuqtani qo‘riqlash chig‘atoy urug‘i zimmasida bo‘lganligi sababli, hudud ularning nomi bilan yuritila boshlagan.

Aholi zichligi va tijorat aloqalarining kuchayishi natijasida bu yer nafaqat yashash joyi, balki yirik savdo markaziga ham aylangan. Xususan, bugungi kundagi o‘ziga xos taomlar bozorining ildizlari ham aynan o‘sha qadimiy gavjumlikka bog‘lanadi.

Chig‘atoy non bozorida tongdan to tungacha yangi yopilgan obi nonlar va patirlar savatlarda issiqligicha sotiladi. Mahalliy novvoylarning mahorati tufayli Chig‘atoy noni o‘zining qalin cheti, yupqa va gulli o‘rtasi hamda uzoq vaqt yumshoq turishi bilan tanilgan.

Ovqat bozori esa yillar davomida o‘z sifatini yo‘qotmay kelayotgan oilaviy retseptlar asosida tayyorlanadi. Ayniqsa, qiyma va bo‘lakli kaboblar, haqiqiy Toshkentcha norin, yupqa hamda uyda tayyorlangan issiq no‘xatsho‘rak va xasiplar bu yerning tashrif qog‘oziga aylangan.

Ovqat bozorining yana bir o‘ziga xosligi shundaki, taomlar nafaqat mazali, balki juda tez va mahorat bilan tortiq qilinadi.

Chig‘atoy ovqat bozorini faqat qorin to‘ydirish emas, balki eski Toshkentning fayzini, mehmondo‘stligini va milliy qadriyatlarini his qilish uchun eng qulay joy, desa ham bo‘ladi.

Bozor tonggi soat 3−4 dan o‘z ish faoliyatini boshlab, yarim tunga qadar davom etadi.