Toshkentda yigit va qiz uchrashuvi necha pulga tushadi? Oʻrtacha narxni topishga harakat qilamiz

Ko‘cha kezib yurganingizda har qadamda sevishganlarga ko‘zingiz tushadimi sizning ham? Go‘yoki hamma o‘z juftini topgan-u, baxtli yashab yuribdi. Baxtli bo‘lishsin. Lekin hech o‘ylab ko‘rganmisiz, ularning bitta uchrashuvi o‘rtacha necha pulga tushadi? Yigit va qizning haqiqiy uchrashuvi har doim ham oson va arzon emas. Biz hisoblab koʻrdik.
O‘zi “uchrashuv” deganda nima nazarda tutilmoqda, shuni aniqlashtirib olaylik birinchi navbatda. Biz hisoblab chiqqan uchrashuv turida restoran/kafelarga boriladi, yigit albatta buket oladi va (mashinasi bo‘lmasa) taksida kuzatib qo‘yadi. Xullas, kinolardagidek haqiqiy uchrashuv.

Mana shu uch xil “element"ni birlashtirsak, poytaxtda bitta uchrashuvga ketadigan mablag‘ni chiqarish mumkin. Ammo hammaning tanlov va imkoniyati har xil. Shundan kelib chiqib, biz turli segmentlardagi restoran va kafelarning 2 kishilik o‘rtacha chekini hisoblab chiqdik. Bunda joylarning menyularini o‘rganish va uchrashuv uchun mos yeguliklar tanlab, hisoblashda Gemini sun’iy intellekti yordam berdi. Buketlar bilan ham deyarli shunday — premiumdan bazaviy buketlargacha tushdik va o‘rtacha narxni chiqardik.
Gemini’ga menyuni yuborishdan oldin “o‘yin qoidalarini” aniqlashtirib oldik: to‘yimliklik muhim — shunchaki bitta kofe emas, boshqa taomlar ham (salat, ikkita asosiy go‘shtli taom, desert va ichimlik) tanlandi. Ideal “uchrashuv seti” yig‘ildi. Natijada biz nafaqat restoran cheki, balki Toshkentning 2026-yilgi “uchrashuv standartlari” — guldastadan tortib, taksi xarajatlarini oʻz ichiga olgan “Toshkent uchrashuv indeksi"ni shakllantirdik.
Keling, endi real raqamlarga o‘taylik. Xo‘sh, poytaxtda munosib uchrashuv o‘tkazish uchun cho‘ntakda qancha pul bo‘lishi kerak?
Restoran
Tajribamiz natijalari shuni ko‘rsatdiki, Toshkentda narx segmentlari bir-biridan keskin farq qiladi. Biz misol qilib olgan joylar cheki hatto 4 baravargacha farqli bo‘ldi.
Ayrim premium restoranlarda (masalan, “ORA”, “Manana” va hokazo) ikki kishilik dasturxon cheki 800 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bu segmentda bir porsiya go‘shtli taomning o‘zi 200 ming so‘mga yaqin bo‘lishi mumkin. Agar cho‘ntak tayyor bo‘lsa bu yerdan olinadigan taasurotlar ham shunga yarasha bo‘ladi, shubhasiz.

Endi o‘rta segmentga o‘tadigan bo‘lsak, u yerdagi cheklar deyarli 2 baravarga qisqaradi. Toshkent markazidagi shinam, zamonaviy va taomlari mazali bo‘lgan restoran va kafelarda (masalan, Cucucina, BnB, “Podushechnaya”, “Chaykoff” va hokazo) ikki kishi to‘yimli ovqatlansa, o‘rtacha 400 ming so‘m ketadi. Choʻntakka ancha foydali, atmosfera premiumdan unchalik ham qolishmaydi, ammo bunday joylarda kutilganidan sal koʻproq odam boʻlishi mumkin.
Endi haqiqiy uchrashuv o‘tkazish uchun mos o‘rtachadan pastroq segmentdagi kafelarda (masalan, Bon! va Oila Cafe) ikki kishi bundan ham arzonroqqa to‘yib, maroqli vaqt o‘tkazish mumkin. Bu segment “uchrashuvda pul emas, suhbat muhim” deydiganlar uchun eng ideal variant. Misol keltirilgan va unga yaqin kafelarda ikki kishi uchun o‘rtacha hisob 250−300 ming so‘mni tashkil qiladi.

Agar fastfud ham boʻlaveradi, desangiz unda yana ham arzon — 100 ming soʻm atrofida boʻladi. Lekin bu unchalik ham yaxshi fikr emas, tavsiya qilinmaydi.
Shu joyida kichik tavsiya: agar borar joyni aniqlashtirgan boʻlsangiz, Instagram orqali ularning sahifasiga, keyin u yerda keltirilgan menyuga bir qarab qoʻying, bu turli shoklarning oldini oladi. Yoki shunday tarzda qayerga borishni aniqlashtirish ham mumkin.
Gullar (romantika, qimmat restoran tamaddiga, deydi-ku “Q.zlar”)
Tepada aytdik-ku, bu uchrashuv haqiqiysi — demak, gulsiz o‘tmaydi. Uchrashuv restoran/kafeda bo‘lishini va gulni qiz uyiga ko‘tarib ketishiga to‘g‘ri kelishini hisobga olsak, buket unchalik katta bo‘lishi kerak emas. Qo‘lda ko‘tarib yurishga og‘ir va katta bo‘lmagan, ammo did bilan terilgan gullar ayni muddao.

Aynan shu sabablar bilan katta-katta buketlar va premium do‘konlarni qarab o‘tirmadik. O‘rtacha estetik buketni ko‘p do‘konlarda 250−300 ming so‘mga yasatish mumkin.
Taksi va qoʻshimcha xarajatlar
Ko‘pchilikda shaxsiy mashina yo‘q. Shu sababli qizning yoniga borish va qaytish uchun (agar bormasangiz, qizning o‘zi yetib kelishi uchun taksi chaqirib berishingiz jentelmenona ish bo‘ladi) taksi xarajatlarini ham shu hisob-kitobning ichiga qo‘shish kerak, deb hisobladik. Umumiy hisobda 100−150 ming so‘m bu xarajatlarga ajratish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Eng kamida odam cho‘ntagidagi zaxira bilan o‘zini xavfsizroq va ishonchliroq his qiladi.
Umumiy hisob-kitob
Endi barchasini umumlashtirsak. Narxlar qaysi segmentdagi restoran / kafeni tanlashingizga bog‘liq bo‘lib qoladi. Masalan, premium restoranlardan joy band qilsangiz, bunday uchrashuvga umumiy hisobda 1 million so‘mdan ortiqroq ketishi mumkin. Shunday qilib:
- Premium segment — 1 200 000 soʻm;
- Oʻrta segment — 800 000 soʻm;
- Oʻrtadan pastroq segment — 675 000 soʻm.
Agar bularni ham oʻrtachasini chiqaradigan boʻlsak, Toshkentda uchrashuv oʻtkazishning oʻrtacha narxi 890 ming soʻmga aylanadi.
Bu — taqriban bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 70 foizini tashkil qiladi. Ma’lumot uchun, 2025-yil iyul oyidagi hisob-kitoblarga koʻra, Toshkentda oʻrtacha oylik ish haqi 10,1 million so‘mni tashkil qiladi.
Eslatma: pulingiz kam yoki yo‘qligi sevimli insoningiz bilan vaqt o‘tkazishingizga asli to‘sqinlik qilmasligi kerak. Uchrashuvning 1001 turi bor. Asosiysi, baxtli bo‘ling!