Yangi Toshkentda “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi barpo etiladi

E’lon qilingan sana· 361
Yangi Toshkentda “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi barpo etiladi

24-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk ipak yo‘li” loyihasi taqdim etildi.

Ma’lum qilinishicha, Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi doirasida 6 ming gektar maydonda ishlar olib borilmoqda. Ushbu bosqich yakunlangach, 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, shahar 2 million aholiga mo‘ljallangan yirik megapolisga aylanishi kutilmoqda.

“Buyuk ipak yo‘li” majmuasi 32 gektar hududni egallab, Yangi Toshkentning asosiy jamoat va madaniy markazlaridan biriga aylanishi rejalashtirilgan. Unda turar joylar, tijorat obyektlari, mehmonxonalar, shuningdek, madaniyat va ta’lim markazlari joylashadi.

Konsepsiyaga ko‘ra, majmua Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalardan iborat bo‘ladi. Har bir hudud muayyan mamlakat madaniyati va muhitini aks ettiradi.

Taqdimotda “O‘zbekiston” mahallasiga alohida urg‘u berildi. Ushbu hududda har bir bino, ko‘cha va maydon orqali milliy tarix, madaniyat va qadriyatlarni ifodalash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Samarqanddagi Imom Moturidiy majmuasi hududida yangi muzey tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda Imom Moturidiy hayoti va ta’limotiga bag‘ishlangan tematik zallar joylashadi.

Bundan tashqari, Bahouddin Naqshband majmuasi qoshidagi ilmiy-innovatsion muzey mazmunini boyitish, xususan “Yetti pir” zali orqali buyuk allomalar merosini kengroq yoritish taklif etildi.

Yana bir muhim yo‘nalish Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy dizayn asosida yangilashdir. Rejaga ko‘ra, ekspozitsiya zallari qayta tashkil etilib, tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va ma’rifiy tajriba taqdim etiladi. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling