Botanika bogʻida velosiped va samokatlarda harakatlanish taqiqlanadi

2026-yil 1-apreldan boshlab Botanika bogʻi hududa barcha turdagi velosiped va samokatlar harakatlanishi to‘xtatiladi, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda bog‘ hududida velosiped va samokatlarda harakatlanish davomida fuqarolarning yiqilishi va turli darajadagi tan jarohatlari olishi bilan bog‘liq noxush holatlar tez-tez kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan, tashrif buyuruvchilarning ko‘plab so‘rovlari hamda Ilmiy kengashning qaroriga asosan, 2026-yil 1-apreldan boshlab Botanika bog‘i hududida barcha turdagi velosiped va samokatlar harakatlanishi to‘xtatiladi.
“Ushbu chora barchamiz uchun bog‘da xavfsiz, tinch va osuda piyoda sayr qilish muhitini yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Tabiat go‘zalligidan piyoda sayr qilib, xotirjam bahra olishingiz uchun barcha sharoitlar saqlab qolinadi”, deyiladi xabarda.
Fanlar akademiyasi tashrif buyuruvchilardan ushbu tartibga amal qilish va atrofdagilar xavfsizligiga befarq bo‘lmaslikni soʻragan.