Hangoma va gastronomik bayramlar: Buxoroda an'anaviy "Nasriddin Afandi" va "Sharq taomlari" festivallari oʻtkazildi

1-aprel kuni Buxoroyi Sharifda milliy madaniyat, xalq og‘zaki ijodi hamda boy gastronomik an’analarni o‘zida mujassam etgan yirik madaniy tadbirlar — “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu festivallar nafaqat mahalliy aholi, balki shahar mehmonlari uchun ham yorqin va esda qolarli bayram muhitini yaratdi. Shu bilan birga, ular hududning turizm salohiyatini kengaytirish va Buxoroning jozibasini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

“Nasriddin Afandi” festivali doirasidagi tadbirlar qadimiy Buxoroning tarixiy markazida tashkil etilib, ishtirokchilarning tantanali yurishi Ark majmuasidan Labi Hovuz majmuasigacha bo‘lgan yo‘nalishda o‘tkazildi. Festivalning ochilish marosimi Nodir Devonbegi madrasasi oldida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar davomida Nasriddin Afandi, Mullo Mushfiqiy va Aldarko‘sa kabi xalq orasida mashhur hajviy qahramonlar ishtirokida mutoyiba va latifalarga boy sahna chiqishlari namoyish etildi hamda mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.

Festival dasturi doirasida shaharning asosiy tarixiy maskanlari — Toqi Sarrafon, Toqi Zargaron, Toqi Telpakfurushon savdo rastalari, Labi Hovuz majmuasi atrofi hamda eski shahar hududlarida xalq sayillari, milliy hunarmandchilik va qandolat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.

Ark qo‘rg‘oni maydonida dor o‘yinlari, karnay-surnay sadolari ostida an’anaviy tomoshalar hamda masxarabozlik chiqishlari namoyish etildi.
“Men festivalda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lganimdan juda mamnun bo‘ldim. Men Italiyadanman va Buxoroga birinchi marta keldim. Rostini aytsam, bu shahar men tasavvur qilganimdan ham go‘zalroq ekan. Qadimiy me’morchilik, tarixiy maskanlar va shaharning o‘ziga xos ruhiyati meni birinchi kundanoq o‘ziga rom etdi.
“Nasriddin Afandi” festivali esa butun tashrifimning eng yorqin qismi bo‘ldi. Festival davomida muhit juda iliq va samimiy edi. Sahnalashtirilgan chiqishlar, an’anaviy tomoshalar va xalq ijodi namunalari juda professional tarzda taqdim etildi. Ayniqsa, Nasriddin Afandi obrazining kulgili va ma’noli chiqishlari meni kuldiribgina qolmay, o‘ylantirib ham qo‘ydi. Bu yerda madaniyat juda boy va chuqur ekanini his qildim", — deydi italiyalik sayyohlardan biri.

Shuningdek, Poyi Kalon majmuasi, Toqi Zargaron va Toqi Telpakfurushon hududlarida folklor jamoalarining chiqishlari, o‘quvchi va talabalarning badiiy dasturlari tashkil etiladi.

Buxoro tasviriy va amaliy san’at muzeyi oldida amaliy va badiiy san’at ko‘rgazmalari, hajviy rasmlar tanlovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bolalar uchun maxsus hajviy tomoshalar Ko‘kaldosh madrasasida namoyish etiladi.
“Buxoro bo‘ylab sayr qilganimda hamma joyda tartib va tozalikni ko‘rdim. Shahar juda xavfsiz va osoyishta. Men o‘zimni erkin va xotirjam his qildim, bu esa men uchun juda muhim edi. Sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar ham juda yaxshi: yo‘llar qulay, xizmat ko‘rsatish darajasi yuqori, va hamma yordam berishga tayyor.
Shuningdek, milliy hunarmandchilik mahsulotlari va mahalliy taomlar meni juda qiziqtirdi. Har bir buyumda va har bir taomda bu yerning tarixi va ruhini sezish mumkin. Buxoroda vaqt o‘tkazish bu shunchaki sayohat emas, balki haqiqiy madaniy tajriba ekan. Umuman olganda, men bu safardan juda katta taassurotlar bilan qaytdim. Buxoro — haqiqatan ham noyob va betakror shahar. Men bu yerga yana qaytishni juda xohlayman", — deydi estoniyalik sayyoh.

Bundan tashqari, festival davomida madaniy-ko‘ngilochar dasturlar, milliy filmlar namoyishi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Eng yaxshi latifago‘y” tanlovlari hamda taniqli hajviyachi va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari va konsert dasturlari tashkil etiladi. Shahar ko‘chalarida turli hajviy qahramonlar obrazlari jonlantirilib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashadi.

“Sharq taomlari” festivali esa Somoniy istirohat bog‘i hududida o‘tkaziladi. Festival tantanali ochilish marosimi bilan boshlanib, unda mamlakatning turli hududlaridan tashrif buyurgan oshpazlar va hunarmandlar o‘z mahoratini namoyish etadi.

Festival davomida har bir tuman va shahar o‘ziga xos milliy taomlari — osh, shashlik, somsa va boshqa an’anaviy taomlar bilan ishtirok etadi. Mehmonlarga Buxoroga xos sofi osh, milliy shirinliklar, qandchoy va guloblar taqdim etiladi. Shu bilan birga, professional oshpazlar tomonidan bayram dasturxoni uchun mo‘ljallangan taomlar, shirinliklar va bezak san’ati (karving) bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi.

Festival dasturida folklor jamoalarining chiqishlari, milliy kuy-qo‘shiqlar va ko‘ngilochar tadbirlar ham o‘rin olgan. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar taqdirlanib, festivalning yopilish marosimi o‘tkaziladi.

Mazkur festivallar O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy an’analari va gastronomik salohiyatini keng namoyish etish, shuningdek, Buxoro shahrining xalqaro turizm markazi sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.