Endi davlat tibbiyot muassasalari haftada 5 kun ishlaydi

E’lon qilingan sana· 39
Endi davlat tibbiyot muassasalari haftada 5 kun ishlaydi

2026-yilning 1-aprelidan boshlab davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tkazildi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida"gi qarorida shu yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilishi belgilangan. Bunda shifo maskanlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra 2026-yil 1-apreldan:

  • tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi;
  • zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti qo‘llaniladi;
  • yuqori ruhiy va aqliy zo‘riqishli ishlar uchun ham 36 soatdan oshmaydi;
  • tibbiyot xodimlari bo‘lmaganlar uchun ish vaqti 40 soatni tashkil etadi.

Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish vaqti:

  • dushanba-juma: 08:00—20:00;
  • shanba: 08:00—14:00 (navbatchilik).

Sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda:

  • asosiy ish vaqti: 08:00—16:00;
  • qo‘shimcha navbatchilik: 16:00—20:00.

Vazirlikning ta’kidlashicha, bunda xodimlarning ish haqi saqlanadi, kamaytirilmaydi. Ichki hujjatlar va mehnat shartnomalari qayta rasmiylashtiriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling