Dam olish kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻib, harorat pasayishi mumkin

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, may oyining birinchi kunlarida O‘zbekiston bo‘yicha bahoriy ob-havo kuzatiladi.
Respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘ishi, ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Buxoro viloyati va Navoiy viloyatining janubida asosiy yomg‘irlar 1-may kuni yog‘adi, 2−3-may kunlari ayrim hududlardagina qisqa muddatli yomg‘ir kuzatilishi mumkin.
1-may kuni ayrim joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zonlar yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Dam olish kunlari harorat biroz pasayib, +22…+25 daraja atrofida bo‘ladi. Shimoli-g‘arbiy hududlarda bugun eng salqin ob-havo kuzatilib, +20…+23 daraja bo‘lishi kutilmoqda. Yakshanbaga borib esa harorat yana +27…+30 darajagacha ko‘tariladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 1−3-may kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda momaqaldiroq kuzatiladi. Shuningdek, sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +28…+30 daraja bo‘ladi.
Shanba va yakshanba kunlari poytaxtda ham vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Kechalari havo harorati +13…+15 daraja, kunduz kunlari esa +22…+24 daraja atrofida bo‘ladi.
1−2-may kunlari shamol tezligi 10−12 m/s gacha kuchayishi, ayrim hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.