“34 yillik orzu” – o‘zbek futboli haqidagi serialning ilk qismiga taqriz

2-may kuni O‘zbekiston milliy kino san’ati saroyida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga yo‘lini batafsil ochib beradigan serial premyera qilindi. 8 seriyali serial “Rocket production” jamoasi tomonidan ishlangan hamda hozirda iTV platformasida bepul namoyish etilmoqda.
Sobiq “Panorama"da oʻtgan premyerada bir qator sobiq futbolchilar, OʻFA mutasaddilari va futbol mutaxassislari ishtirok etdi.

Afisha.uz muharriri yopiq premyera qatnashdi va quyida serialning birinchi qismi haqida yozadi.
2026-yilda AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlarida o‘tadigan mundialdagi ishtirok mustaqil O‘zbekiston tarixidagi birinchisi bo‘ladi. Bungacha esa milliy jamoa Jahon birinchiligida ishtirok etish uchun 7 bor urinib ko‘rgan va mana, 8-urinish muvaffaqiyatli bo‘ldi — tarix yozildi. Serial mana shu 8 urinishning barchasini qamrab oladi.

Serial ijodkorlari “kassetani boshiga qaytarishadi: birinchi qismda O‘zbekiston futbol federatsiyasi tashkil topishidan to birinchi Jahon chempionatiga saralashdagi ishtirok haqida hikoya qilinadi. Chunki har bir katta ish uchun, albatta, ilk qadamlar muhim hisoblanadi.

Qahramonlar esa o‘sha voqealarning asl ishtirokchilari, xususan, O‘zbekiston MTJning sobiq futbolchilari Mirjalol Qosimov, Pavel Bugalo, Shuhrat Maqsudovlar, sobiq bosh murabbiylari Rustam Mirsodiqov va Vadim Abramov, federatsiya sobiq matbuot kotibi Alisher Nikimbayev va boshqalar ko‘rgan kechirganlari haqida aytib berishadi. Bundan tashqari, sharhlovchilar Mirzahakim Toʻxtamirzayev, Davron Fayziyev va Xayrulla Hamidovning xotiralari ham qoʻshilgan.
Mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi futbol boʻyicha katta gʻalabalar haqida soʻz ketar ekan shu kungacha 1994-yilda Xirosimadagi Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan gʻalaba eslanadi. Serialning birinchi qismida ham ushbu turnirni yodga olishadi.

O‘sha paytdagi terma jamoa yetakchisi Mirjalol Qosimov Hirosimadagi musobaqa davomida futbolchilarda faqatgina bitta futbolka bo‘lgani, boshqa jamoalarga o‘xshab muxlislari bilan bo‘lisholmagani, har o‘yindan keyin yuvib, ehtiyotlab kiygani haqida kulib gapirib beradi.
“O‘shanda bitta Adidas formamiz bo‘lardi. U ham bo‘lsa „Made in Malika“ edi. Hozir kulgili bo‘lishi mumkin, lekin o‘sha paytda oddiy holat bo‘lgan. Har safar o‘yindan keyin futbolkalarni yuvib, perillalarga bog‘lab qo‘yib quritardik uchib ketmasligi uchun”, — deydi o‘zbek futboli afsonasi.
Yana bir chempion Shuhrat Maqsudov esa o‘sha kun hayotidagi eng baxtli kunlardan biri bo‘lganini aytadi. Ushbu gʻalaba haqida 2007-yilda “Faqat gʻalaba” nomli badiiy film suratga olingan.

Chempionlarning ilk Osiyo Kubogi (1996) muvaffaqiyatsiz o‘tgandan keyin mundial saralashidagi yurishi ham o‘xshamaydi. Serial ijodkorlari o‘sha o‘yinlar qanday o‘tgani, nega unday bo‘lganiga qiziqib, mutaxassislarning fikrini olishga harakat qilgan. Futbolchilar, murabbiylarning hikoyalari jamoaning o‘sha paytdagi muhitini his qilishga yordam beradi.
Ammo bir narsani ta’kidlab oʻtish zarur: aksar qahramonlar rus tilida gapirgan va ularning intervyusi oʻzbek tiliga dublyaj qilinmagan, faqatgina oʻzbekcha subtitrlar bilan berilgan, tarjima sifati ham yomon emas.

Bundan tashqari, serial davomida ayrim qiziqarli voqea va holatlarni bilib olish mumkin. Masalan, o‘sha paytda terma jamoa libosida harakat qilgan Baxtiyor Ashurmatov 1998-yilgi Jahon chempionati saralashida jamoaning guruhdan chiqa olmasligi ma’lum bo‘lib ulgurgan bo‘lsa ham oxirgi tur uchrashuvida katta mukofot puli olganini gapirib beradi.
“BAAga qarshi uchrashuvda 0:0 o‘ynaganimiz uchun ham ancha katta mukofot puli — 3000 dollar olganmiz. Chunki BAAning ochko yo‘qotishi guruhdagi boshqalarga kerak bo‘lgan ekan, shu sababli o‘yindan oldin bizga mukofot va’da qilishgan ekan. Rahbarlar aralashib, o‘yinni yaxshi o‘tkazish kerakligini aytishgandi”, — deydi Ashurmatov.

Endi bizga Jahon chempionati orzu emas, futbolimizda boshqa maqsad paydo bo‘ldi — mundiallarda doimiy ishtiroklarni ta’minlash.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi, shubhasiz, katta tarix yozdi. “Rocket” va iTV jamoalari esa ushbu tarixiy voqeani birinchilardan bo‘lib hujjatlashtirdi.
“34 yillik orzu” serialining birinchi va ikkinchi qismlarini iTV platformasida bepul tomosha qilishingiz mumkin. Shuningdek, faqatgina birinchi qism YouTube’ga ham joylangan.