Toshkent–Xiva yo‘nalishida "Jaloliddin Manguberdi" tezyurar poyezdining ilk qatnovi amalga oshirildi

E’lon qilingan sana· 152
Toshkent–Xiva yo‘nalishida "Jaloliddin Manguberdi" tezyurar poyezdining ilk qatnovi amalga oshirildi

5-may kuni “Toshkent-Markaziy” vokzalida Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Jaloliddin Manguberdi” nomli yangi tezyurar yo‘lovchi poyezdi tantanali ravishda ishga tushirildi. U Toshkent — Xiva — Toshkent yo‘nalishida qatnaydi.

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, Hyundai Rotem kompaniyasi mutaxassislari hamda soha xodimlari ishtirok etdi.

  • false
  • false

Yangi poyezd Toshkent va Xiva o‘rtasidagi 1022 kilometrlik masofani 7,5 soatda bosib o‘tadi. Avval bu yo‘l taxminan 14 soat vaqt olardi. Poyezd maksimal 250 km/soat tezlikda harakatlana oladi.

Tarkib 7 ta vagondan iborat bo‘lib, umumiy sig‘imi 389 o‘rinni tashkil etadi. Vagonlar zamonaviy qulayliklar bilan jihozlangan: aylanuvchi o‘rindiqlar, kuzatuv kameralari, yo‘l xaritasi va tezlikni ko‘rsatib boruvchi elektron ekranlar mavjud.

Poyezd O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashtirilgan bo‘lib, +50 daraja issiq va -40 daraja sovuqda ham barqaror ishlaydi. Qizilqum hududidan o‘tishda changning vagon ichiga kirishiga yo‘l qo‘ymaydigan maxsus tizimlar o‘rnatilgan.

Poyezd qatnov jadvali quyidagicha:

  • Toshkentdan Xivaga: seshanba, payshanba, shanba kunlari (jo‘nash 07:00, yetib borish 14:31)
  • Xivadan Toshkentga: chorshanba, juma, yakshanba kunlari (jo‘nash 07:20, yetib kelish 14:51)

5-may kuni Toshkentdan ilk qatnov amalga oshirildi, 6-maydan boshlab Xivadan muntazam qatnov yo‘lga qo‘yiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling