"Moda": Jahongir Otajonovning yakkaxon konserti qanday o‘tdi?

Oʻzbek pop-musiqasining yorqin namoyondalaridan biri — xonanda Jahongir Otajonov 5-may kuni Humo Arena’da yakkaxon konsertini namoyish qildi. Afisha.uz muxbiri to‘liq jonli ijroda o‘tgan “Moda” nomli dasturdan reportaj tayyorladi.

1 soat-u 40 daqiqa davom etgan konsertda jami 24 ta tarona kuylandi. “Oq bulutlar”, “Uchrashmadik”, “Chaqasan” kabi retro hit qo‘shiqlardan tashqari oxirgi yillarda yaratilgan va virusdek tarqalgan “Moda”, “Kunlarim” singari ijod mahsullari ham jarang sochdi.

Boshlovchisiz va duet qo‘shiqlarsiz o‘tgan konsertda xonanda faqat bitta kiyimda bir o‘zi tanaffussiz kuyladi. U jurnalistlarga bergan intervyusida konsert uchun tanlagan imiji haqida gapirdi.

“Bugun oddiy krossovka, futbolkada chiqyapman. Shunisi qulay. Chunki san’atkor model emas-ku. Hozir ham yomon kiyinmaganman, brend bo‘lishi mumkin, lekin oddiy. To‘g‘ri, san’atkor konsertda tartibli yoki qimmatroq kiyim kiyib chiqishga harakat qiladi. Lekin salkam 30 yillik ijodim davomida buni birinchi darajali narsa, deb hisoblamayman. Avvalo muxlislarga esda qolarli konsert taqdim etish ma’qulroq, degan xulosaga keldim”, — deydi xonanda.

Konsertda “Happy Birthday” taronasini ijro etishdan oldin onasining tug‘ilgan kuni ekanini aytib, muxlislaridan birgalikda volidasini tabriklashni so‘radi. Shuningdek, u Humo arena’ga kelganlarga konsert kuni qiz farzandli bo‘lganini ham e’lon qildi. “Bu yangilikni birinchi bo‘lib sizlarga aytyapman, internetga ham hali qo‘ymadim”, — dedi Otajonov.

Xonanda bu safargi konsert chiptalari biroz sust sotilganidan xayron bo‘lganini aytarkan, kelgusi yil konsert berish masalasini o‘ylab ko‘rishini ta’kidladi.

“Bu yilgi konsertim chiptalarining sotilish tezligi oldingi yillarga nisbatan biroz susaydi. Tashkilotchi ham reklamaga qattiq harakat qildi, lekin negadir chiptalar sotilish tezligi yaxshi bo‘lmadi. Nima sababdan bunday bo‘lgani menga ham qorong‘u. Balki ayb mendadir: ko‘proq ishlashim kerakdir yoki modadan qolyapmanmi, bilmayman. Balki odamlarning moddiy muammosi bordir, har yili konsertga pul to‘lab kirishga tayyor emasdir”, — deydi u.
“To‘g‘ri, oldindan pulimni to‘lashsa, keyin konsert beraman, har doim shunday shart qo‘yaman. Hatto o‘z konsertimni ortiqcha reklama qilishni so‘rashsa, pul talab qilaman. Ammo chiptalar sotilmasligidan tashkilotchi zarar ko‘rishi va keyingi yili birga ishlashga cho‘chishi meni o‘ylantiradi. Balki bu yil zarar qilgandir… Kelasi yil konsert berish haqida o‘ylab ko‘raman, hozir nimadir deyolmayman”, — deya qo‘shimcha qildi xonanda.

Otajonov sahnada turib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Kachayte” qo‘shig‘ining ayrim misralarini aytish jarayonida qizil va qora bo‘yoqlarni qo‘li bilan kiyimi hamda yuz-ko‘ziga chapladi. Bundan tashqari, shogirdlaridan biri sahnaga chiqib, unga zar cho‘pon kiydirdi va birgalikda qo‘shiq ijro etdi.
Xonanda jurnalistlarga bergan intervyusida yaqinda AQSHda taqdim etgan yakkaxon konserti taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Amerikaga birinchi marta bordim, albatta, sayohat zo‘r narsa. U yerlik o‘zbeklarimiz yaxshi kutib olib, mehmon qilishdi, xuddi Samarqandga borgandek bo‘ldim. Xorazmlik, vodiylik, samarqandliklarni ko‘p uchratdim. O‘n kun davomida Chikago, Nyu-York, Filadelfiyada konsert berdim. Chikagoda zal 80 foiz to‘ldi, qolgan shtatlarda konsertim juda zo‘r o‘tdi. Ishlari yurishib ketgan yigitlar juda ko‘p chiptalar sotib olib, qo‘llab-quvvatladi”, — deydi u.

“Hozir salkam 50 yoshda bo‘lsam, meni 8−10 yoshli bolalar ham tanidi. Xorijdagi vatandosh muxlislarim biz san’atkorlar, sportchilarni farzandlariga tanishtirib borayotganidan juda quvondim va qoyil qoldim. Fursatdan foydalanib okean ortidagi barcha muxlislarimga tashakkur bildiraman. Ularga ikki dunyo saodatini tilayman”, — deya qo‘shimcha qildi Jahongir Otajonov.

Konsertdan koʻproq suratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.