Toshkent metrosida oynali himoya to‘siqlari o‘rnatilishi mumkin

Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, infratuzilmadan samarali foydalanishga oid takliflar taqdim etildi.
Taklif doirasida, 2030-yilgacha metropolitenning kunlik yo‘lovchilar oqimini 1,8 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini esa 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Shahriston” metro bekatida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlari o‘rnatilishi mumkin. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday tizim platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80−90 foizgacha kamaytiradi.
Bundan tashqari, poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5−3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa yo‘lovchilar uchun yanada qulay va tezkor transport tizimini yaratishga xizmat qiladi.
Yangi metro liniyalarini qurish masalasi ham koʻrib chiqildi. Jumladan, “Mingo‘rik — Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishi bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida “Mingo‘rik — Janubiy vokzal”, ikkinchi bosqichida esa “Janubiy vokzal — Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishlarini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Metropolitenda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi. Vagon va platformalardagi raqamli reklama maydonlarini xususiy sektorga auksion asosida ijaraga berish, metro bekatlarida vending apparatlari va kichik savdo nuqtalarini tashkil etish, stansiyalar oldida avtoturargohlar yaratish rejalashtirilmoqda. Bo‘sh turgan bino va xonalarni esa kovorking va kichik ofis sifatida tadbirkorlarga ijaraga berish taklif qilindi.