Toshkent metrosida masofaga qarab to‘lov tizimi joriy etiladi

Gazeta xabar berishicha, Toshkent metrosi faoliyatini takomillashitirish maqsadida bir qator choralar belgilangan.
Qarorga koʻra, bekatlarida vending apparatlari va kichik savdo nuqtalari paydo bo‘ladi. Bu prezidentning 15-may kuni imzolangan qarorida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, 2028-yilgacha metro bekatlariga kirish joylari hamda o‘tish yo‘laklarida xavfsizlik talablariga mos vending apparatlari va ko‘chma savdo obyektlari joylashtiriladi. Shuningdek, metro oldida Park & Ride tizimi joriy etilib, avtoturargohdan foydalangan yo‘lovchilarga metro chiptalari uchun chegirmalar berilishi mumkin.
Bundan tashqari, metropolitenda yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tizimi ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilar bosib o‘tgan masofa yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydi. Kunlik, haftalik va oylik abonementlar ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Ushbu tizim 2027-yil 1-yanvar sanasidan boshlab amaliyotgan tatbiq etiladi.
Shuningdek, 2030-yilgacha metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini esa 103 kilometrgacha yetkazish, poyezdlar intervalini 2−3 daqiqagacha qisqartirish maqsad qilingan.