Foto: Namangan Gullar festivali Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi

Namangan shahar va viloyat “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar” yo‘nalishida Guinness rekordini o‘rnatib, rasman Ginnesning “Rekordlar kitobi"dan joy oldi. Bu haqda Namangan shahar hokimligi xabar berdi.
24-may kuni boshlangan 65-xalqaro Gullar festivali ochilish marosimida Guinness vakili Sheyda Subasi maxsus sertifikatni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovga tantanali ravishda topshirdi. Shu tariqa Namangan dunyodagi sanoqli rekordchi shaharlardan biriga aylandi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili festivalga tayyorgarlik doirasida viloyat bo‘ylab 100 million tup gul ko‘chati ekilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 150 million tupga yetkazildi. Aynan shu natija Namanganga xalqaro rekordni olib keldi.

Bu yilgi festival avvalgilaridan ko‘lami va xalqchil ruhi bilan ajralib turmoqda. Viloyatdagi 754 ta mahalla festival jarayoniga jalb qilinib, xonadonlar, ko‘chalar va mahallalar rang-barang gullar bilan bezatildi. Shuningdek, “Eng gulzor, eng obod mahalla” ko‘rik-tanlovi ham tashkil etilgan.

An’anaga muvofiq, festival gullar bilan bezatilgan avtomobillar paradi bilan boshlandi. Karvon “Namangan xalqaro aeroporti"dan yo‘lga chiqib, shaharning markaziy ko‘chalari orqali Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga yetib bordi.

Festival ochilishida xorijiy davlatlar diplomatik korpusi vakillari, investorlar, sayyohlar, madaniyat va san’at namoyandalari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Joriy yil festival doirasida 150 dan ortiq xalqaro, respublika va hududiy tadbirlar, forumlar, madaniy-ma'rifiy va sport loyihalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mehmonlar “Afsonalar vodiysi” tematik parki, Bobur bog‘i va 60 gektarlik “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi ulkan gul kompozitsiyalarini tomosha qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, viloyat tumanlarida ham sayillar va festival tadbirlari davom etadi. Jumladan, Chustdagi “Osh tanlovi”, Popdagi “Lavanda sayli” va Mingbuloqdagi “Patir festivali” mehmonlarni kutmoqda.
Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, festival davomida 1 milliondan ortiq xorijiy va qariyb 8 million mahalliy sayyoh tashrifi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, festival 24-maydan 12-iyulga qadar davom etadi.






