O‘zbekiston SPIEF-2026 doirasida Sankt-Peterburgda keng ko‘lamli madaniy dastur taqdim etadi

2026-yilgi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF) va “Peterburg mavsumlari” festivali doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Sankt-Peterburgda keng ko‘lamli madaniy dastur taqdim etadi. Dastur yirik ko‘rgazma loyihalari hamda xalqaro opera spektaklini o‘z ichiga olib, O‘zbekiston madaniy merosini targ‘ib qilish va dunyoning yetakchi madaniyat muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning davomi bo‘ladi.
Dasturdagi eng muhim tadbirlardan biri Davlat Ermitaji bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Saroy yotoqlarini kashf etib: Buxoro amiri saroyidagi san’at” ko‘rgazmasi bo‘ladi. Ekspozitsiya 2026-yil 4-iyun kuni Ermitajning Bosh shtab binosida ochiladi va 2026-yil 4-oktabrgacha davom etadi.

Ko‘rgazma Buxoro amirligining badiiy madaniyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, amaliy san’at namunalari, zargarlik buyumlari va maishiy turmush ashyolari orqali Markaziy Osiyo saroy muhitini namoyish etadi. Ekspozitsiyadan jami 67 ta muzey eksponati o‘rin oladi. Ularning asosiy qismi O‘zbekistonning yetakchi muzeylari — O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston davlat amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasidan taqdim etilgan. Loyihani Ermitaj kolleksiyasidan olingan to‘qqizta eksponat to‘ldiradi. Asosiy ko‘rgazmadan tashqari ma’ruzalar, seminarlar, an’anaviy musiqa konsertlari va mahorat darslarini o‘z ichiga olgan ta’limiy dastur ham tashkil etiladi.
O‘zbekiston ishtirokining yana bir muhim yo‘nalishi 2026-yil 2-iyundan 13-sentabrgacha Sankt-Peterburgdagi Faberge muzeyida bo‘lib o‘tadigan “Yerdagi muhabbat va samoviy muhabbat. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasi bo‘ladi. Loyiha rassom aka-uka Makovskiylarning 180 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, 25 dan ortiq muzey kolleksiyalaridan jamlangan qariyb 170 ta asarni birlashtiradi. O‘zbekiston mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston davlat san’at muzeyi kolleksiyasidan to‘qqizta eksponat bilan ishtirok etadi. Bu esa xalqaro muzeylararo hamkorlikning kengayib borayotganining yana bir ifodasidir.

Teatr dasturining markaziy voqeasi sifatida 2026-yil 4-iyun kuni “Peterburg mavsumlari” festivali doirasida Mariinskiy teatri sahnasida nemis bastakori Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasi namoyish etiladi.
Keng ko‘lamli sahna asari rejissyor Stefano Poda tomonidan sahnalashtirilgan. Spektakl ilk bor 2024-yilda Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida taqdim etilgan. Keyinchalik u Dubay Operasi hamda Venadagi nufuzli Musikverein konsert zalida ham namoyish etilgan.

Operaning musiqiy talqinini bastakor Kirill Rixter tayyorlagan bo‘lib, u klassik partituraning ohangdorligini o‘zbek milliy cholg‘u asboblari sadolari bilan boyitgan. Musiqiy ijroni dirijyor Alibek Qabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri ta’minlaydi.

Xalqaro ijodiy tarkibdan O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov, Xuan Sancho, Veronika Kanxemi va Yulduz Rajabova o‘rin olgan. Shuningdek, spektaklda O‘zbekistonning Xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi, “O‘zbegim” karnay-surnay guruhi hamda Xalq cholg‘ulari orkestri ishtirok etadi. Loyihada jami 160 nafardan ortiq san’atkor qatnashadi.

Oʻzbekistonning Sankt-Peterburgdagi madaniy dasturi milliy madaniy merosini xalqaro miqyosda targʻib qilish, professional hamkorlikni rivojlantirish va global madaniy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan.