Teatr sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar va har yili 500 ming nafar kishiga madaniy tadbirlar uchun bepul vaucherlar beriladi

Prezidentning 2-iyun kuni imzolangan farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda teatr, konsert va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi imtiyoz va subsidiyalar joriy etiladi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat va nodavlat teatrlarga sotilgan har bir chipta uchun subsidiya beriladi. Teatrlar o‘z hududida namoyish etgan spektakllar uchun har bir chipta evaziga 10 ming so‘m, boshqa hududlarda ko‘rsatgan spektakllari uchun esa 20 ming so‘mdan subsidiya oladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Nukus shahri hamda viloyat markazlaridan tashqari) o‘tkazilgan konsert-tomosha tadbirlarida 1000 tadan ortiq chipta sotilgan taqdirda, tashkilotchilarga sotilgan chiptalar qiymatining 20 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
1-sentabrdan boshlab nodavlat teatr va teatr-studiyalarning har yili 50 ta sahna asari yaratish hamda xususiy bino ijarasi bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. Bu maqsadlar uchun davlat budjetidan qo‘shimcha 10 milliard so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, 1-oktabrdan boshlab har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talaba, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucherlar taqdim etiladi.
Farmonda madaniyat, san’at va adabiyot vakillarini tibbiy qo‘llab-quvvatlash, raqs san’ati xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda nogironligi bo‘lgan yosh ijodkorlar uchun inklyuziv ijodiy ustaxonalar tashkil etish choralari ham nazarda tutilgan.