Fotosayr: Yangilangan Milliy qo‘g‘irchoq teatri bo‘ylab

E’lon qilingan sana· 225
Fotosayr: Yangilangan Milliy qo‘g‘irchoq teatri bo‘ylab

Toshkent shahridagi O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri rekonstruksiyaning birinchi bosqichidan so‘ng tomoshabinlar uchun o‘z eshiklarini qayta ochdi. Bir yarim oy ichida teatr binosi zamonaviy ko‘rinishga keltirildi, biroq uning tomoshabinlar yaxshi ko‘radigan tarixiy muhiti saqlab qolindi. Afisha.uz yangilangan maskanga sayohat qilib, u yerdagi mo‘jizaviy o‘zgarishlarni kadrlarga muhrladi.

Loyiha ustida Rossiyaning Archattacka arxitektura byurosi va O‘zbekistondagi Imgineers ijodiy ustaxonasi ishladi. Teatr ayvoni ustida uning eng mashhur ramzlaridan biri — rassom Pavel Shimes tomonidan misdan ishlangan masxarabozlar kompozitsiyasi qayta jonlandi. Restavratsiyadan keyin mexanizm yana harakatlana boshladi va haykalchalar o‘nlab yillar avvalgidek aylanib, mehmonlarni kutib olmoqda.

Fasaddagi mashhur ertak qahramonlari tasvirlangan mozaika ham yangilandi. Kirish qismidagi favvora esa tiklanib, haykaltarosh Yuriy Kim tomonidan yaratilgan keramik dengiz mavjudotlari restavratsiya qilindi.

Teatr ichi ancha yorug‘ va rang-barang ko‘rinishga keltirilgan. Foyeda o‘yin maydonchalari va maxsus fotozona paydo bo‘ldi, panduslar o‘rnatildi. Haykaltarosh Adelaida Pologova tomonidan yaratilgan haykaltaroshlik panoramasiga dastlabki qiyofasi qaytarildi. Undagi minoralar va ko‘chalar orasidagi dorbozlar va qo‘g‘irchoqbozlar xuddi jonlidek taassurot uyg‘otadi.

280 o‘ringa mo‘ljallangan katta tomosha zalida dekorativ naqshli og‘ir cho‘yan eshiklar hamda asl shisha plafonlar tiklandi.

Teatr qayta ochilishi bilan bir vaqtda Vilgelm Gaufning mashhur ertagi asosida sahnalashtirilgan “Xalifa laylak” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi. Qo‘g‘irchoq, dramatik, plastik va musiqiy teatr elementlarini birlashtirgan asar uchishni orzu qilgan yosh hukmdor haqida hikoya qiladi.

Spektakl hozircha rus tilida qo‘yiladi va 1,5 soat davom etadi. Sahna asari 14-iyunga qadar taqdim etiladi. Chiptalar narxi 40 000 dan 60 000 so‘mgacha. Ularni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.

Ma’lumot uchun, iyun o‘rtasida teatrning ikkinchi bosqich rekonstruksiyasi boshlanadi. Sentyabr oyigacha kichik zal, aktyorlar xonasi va ichki hovli yangilanadi. Ungacha esa artistlar Toshkentdagi sayyor maydonchalarda o‘z chiqishlarini davom ettirishadi.

Yangilangan teatr binosining tarixiy detallari, sehrli foyesi va premera jarayonini quyidagi fotosuratlarda ko‘rishingiz mumkin.

Shohruh Haydarov
Muallif va fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling