Toshkent koʻchalaridan biri Mustafo Kamol Otaturk deb nomlanadi

Prezident tomonidan 15-iyun kuni imzolangan qarorga asosan Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Turkiya Respublikasining asoschisi va birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz
Qayd etilishicha, Yashnobod tumanida barpo etilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboniga tutash Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismi — Istiqbol, Farg‘ona yo‘li va Nukus ko‘chalari kesishmasidan Abdulla Qodiriy hamda Mahtumquli shohko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan hudud (Bobur nomidagi ekobog‘ yonidan o‘tuvchi qism) bundan buyon Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasi deb ataladi.
Mustafo Kamol Otaturk 1881-yilda tug‘ilgan bo‘lib, Usmoniylar imperiyasi parchalanganidan keyin zamonaviy Turkiya davlatiga asos solgan. U mamlakatda keng ko‘lamli siyosiy, huquqiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan hamda 1934-yilda “Otaturk” — “Turklar otasi” familiyasiga sazovor bo‘lgan.