Islom sivilizatsiyasi markazida zamonaviy kutubxona ish boshladi. Foto

Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro standartlarga mos zamonaviy kutubxona foydalanishga topshirildi. Yangi maskan kitobxonlar, talabalar, ilmiy tadqiqotchilar va ilm-fanga qiziquvchi barcha tashrif buyuruvchilar uchun xizmat ko‘rsatadi.

Kutubxona zamonaviy infratuzilmasi, qulay o‘quv muhiti va boy kitob fondi bilan ajralib turadi. Bu yerda nafaqat mutolaa qilish, balki ilmiy izlanishlar olib borish, xalqaro manbalar bilan ishlash, mustaqil ta’lim olish hamda jamoaviy muhokamalar o‘tkazish uchun ham sharoit yaratilgan.
Fond tarkibidan o‘zbek, turk, fransuz, italyan va arab tillaridagi adabiyotlar o‘rin olgan. Xususan, arab tilidagi islomiy manbalar, nodir asarlar va ilmiy adabiyotlar tadqiqotchilar uchun alohida ahamiyatga ega.

Kutubxonaga 14 yoshdan katta fuqarolar pasport yoki ID-karta asosida a’zo bo‘lishi mumkin. 14−16 yoshdagi o‘smirlar esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma hamda ota-onasi yoki vasiylarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bilan ro‘yxatdan o‘tadi. A’zolarga kutubxona resurslaridan foydalanish imkonini beruvchi Kitobxon ID-kartasi taqdim etiladi. Kartaning amal qilish muddati ikki yilni tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, hozircha kutubxonaga a’zo bo‘lish va uning xizmatlaridan foydalanish bepul. Kutubxona dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 22:00 gacha, shanba kuni esa 09:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadi. Yakshanba dam olish kuni hisoblanadi.

Yangi kutubxona poytaxtdagi ilm-ma'rifat va mutolaa ixlosmandlari uchun muhim maskanlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.


