“Umra plyus va ziyorat turizmi” IV xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

E’lon qilingan sana· 705
“Umra plyus va ziyorat turizmi” IV xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

Humo Arena majmuasida 27−28-iyun kunlari “Umra plyus va ziyorat turizmi” IV xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon va Saudiya Arabistonidan 200 dan ortiq turoperator, mehmonxona hamda transport kompaniyalari vakillarini bir maydonga jamlaydi. Tadbir “Umra+ O‘zbekiston” loyihasi doirasida tashkil etilib, ziyorat turizmini rivojlantirish, mamlakatning turistik salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va yangi biznes imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

Ko‘rgazma davomida turizm sohasi vakillari o‘z stendlarini namoyish etadi, “Umra+” yo‘nalishi bo‘yicha B2B uchrashuvlar, muzokaralar va hamkorlik kelishuvlarini o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvlar mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yangi loyihalar hamda turistik mahsulotlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma vazifasini bajarishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda “Umra+ O‘zbekiston” loyihasi Turkiya, Malayziya va Indoneziya kabi mamlakatlarda muvaffaqiyatli taqdim etib kelinmoqda. Loyiha Umra ziyoratini amalga oshirayotgan xorijiy sayyohlarga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, muqaddas qadamjolari va zamonaviy turizm infratuzilmasini yaqindan tanishtirishni maqsad qilgan.

Tadbir ziyorat turizmi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar, mehmonxonalar, transport operatorlari, turizm sohasi mutaxassislari hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni istagan tashkilotlar uchun muhim uchrashuv maydoniga aylanishi kutilmoqda.

Ko‘rgazmada ishtirok etishni istaganlar oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling