Tbilisida Alisher Navoiy haykali ochildi

Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali ochildi. Ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda gruzin shoiri Shota Rustaveli ijodi ham qadrlanadi. Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan biri uning nomi bilan atalgan va haykali o‘rnatilgan. O‘z navbatida, 2025-yilda Tbilisi markaziy bog‘laridan biriga Alisher Navoiy nomi berilgandi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlari, xususan, Tbilisida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkentda esa Gruziya madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda.
Marosimda Alisher Navoiy ijodi asrlar davomida insonparvarlik, ma’rifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini targ‘ib qilib kelayotgani qayd etildi.