O‘zbekistonda o‘zbek an’anaviy musiqasining raqamli kutubxonasi — OHANG sayti ishga tushirdi

O‘zbek an’anaviy musiqasini saqlash va ommalashtirishga qaratilgan OHANG raqamli platformasi ishga tushdi. Endi milliy cholg‘ularning asl yozuvlarini bepul tinglash, yuklab olish va turli ijodiy loyihalarda qonuniy asosda qo‘llash mumkin.
O‘zbekistonda ohang.uz sayti ish boshladi. Bu o‘zbek an’anaviy musiqasining ochiq raqamli kutubxonasi. OHANG loyihasi We Digital tomonidan Uztelecom ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyiha milliy cholg‘ularning asl ohangini asrab qolish va uni musiqachilar, DJ’lar, rejissyorlar, videograflar, brendlar hamda tadqiqotchilar uchun ochiq qilish maqsadida yaratilgan.
OHANG loyihasining ishga tushirilishi Uztelecom’ning yangi brend-platformasi — “Har bir inson uchun texnologiyalar"ni aks ettiruvchi ilk loyihalardan biri bo‘ldi. Uning zamirida nafaqat infratuzilma va xizmatlarni rivojlantirish, balki mamlakatning madaniy merosini asrab-avaylash uchun ham zamonaviy raqamli yechimlardan foydalanishga intilish g‘oyasi mujassam.
Tadbir davomida kompaniya vakillari Uztelecom brendining transformatsiyasi, uning yangi qadriyatlari hamda jamiyat rivojida texnologiyalarning o‘rni haqida so‘z yuritdilar. Kompaniyaning milliy merosni saqlash va madaniy boyliklarni kelajak avlodlarga yetkazishda ishtirok etishga bo‘lgan intilishini ifodalovchi “Daxldorlik” qadriyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Platformada o‘zbek an’anaviy musiqasi yozuvlarini tinglash, yuklab olish va ulardan foydalanish mumkin. Barcha materiallar bepul va qonuniy taqdim etiladi. Ulardan video, film, reklama, musiqiy treklar, ta’lim va ijodiy loyihalarda foydalanish mumkin.

OHANG g‘oyasi oddiy, ammo muhim muammodan kelib chiqqan. Bugungi kunda milliy madaniyat va an’anaviy ohanglarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Mualliflar o‘z ishlarida mahalliy obrazlar va autentik tovushlardan foydalanishni istamoqda. Biroq sifatli o‘zbek an’anaviy musiqasini bir joydan topish hanuzgacha qiyin edi. Bundan ham murakkabrog‘i — topilgan yozuvlardan qonuniy foydalanish mumkinmi va ular haqiqatan ham o‘zbek musiqiy an’anasini aks ettiradimi, degan savolga javob topish edi.
Natijada O‘zbekiston haqidagi videolar, reklama, turizm kontenti va musiqiy loyihalarda ko‘pincha tasodifiy “sharqona” sempllar yoki boshqa mamlakatlarga xos motivlardan foydalanilgan. OHANG bu muammoni tizimli ravishda hal qilishni maqsad qilgan. Loyiha o‘zbek milliy cholg‘ularining haqiqiy tovushlarini jamlaydi, raqamlashtiradi va ularga ochiq kirish imkonini yaratadi.
“O‘zbek an’anaviy musiqasi tobora ko‘proq e’tibor qozonmoqda. Ammo uni chuqur biladiganlar hanuz asosan mutaxassislardir. OHANG orqali imkon qadar ko‘proq insonlar musiqiy merosimiz naqadar boy va rang-barang ekanini kashf etishini istaymiz”, — deydi We Digital kreativ direktori va loyiha kuratori Sardor Babayev.

Platforma ustidagi ishlar ekspeditsiyalardan boshlandi. Loyiha jamoasi ustaxonalar, musiqa studiyalari va Eski shaharni kezdi, musiqachilar hamda cholg‘u yasovchi ustalar bilan uchrashdi. Loyihaning birinchi bosqichi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida amalga oshirildi. Shu davr mobaynida O‘zbekistonning turli musiqiy hududlariga mansub an’anaviy cholg‘ular va ularning betakror ohanglari yozib olindi.
Loyiha doirasida nafaqat mashhur cholg‘ular, balki asta-sekin faol musiqiy hayotdan yo‘qolib borayotgan noyob tovushlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Yozib olingan cholg‘ular orasida doira, g‘ijjak, qo‘biz, ud, sato, surnay, dutor, chang va boshqa ko‘plab cholg‘ular bor. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan ilk ekspeditsiyalar davomida 24 dan ortiq an’anaviy cholg‘uning 200 dan ziyod yozuvi tayyorlandi. Ular Xorazm, Surxondaryo, Farg‘ona, Buxoro, Toshkent va Qoraqalpog‘iston musiqiy an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Har bir yozuv professional studiya sharoitida amalga oshirildi. Jamoa uchun cholg‘ularning tabiiy tembrini saqlab qolish, uni ortiqcha studiya ishlovi bilan o‘zgartirmaslik va tovushni jonli ijroga imkon qadar yaqin holatda yetkazish muhim edi. Shu sababli OHANG shunchaki arxiv emas, balki mutaxassislar va kreatorlar uchun ishonchli manbaga aylanmoqda.
“Biz raqamlashtirish nafaqat zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishi, balki milliy asrashga, madaniy merosni yangi avlodlar uchun ochiq qilishga va uni butun dunyoga tanitishga xizmat qilishi kerak, deb hisoblaymiz. Aynan shu bois OHANG loyihasi biz uchun alohida ahamiyatga ega”, — deya ta’kidladi Uztelecom kompaniyasining PR bo‘limi boshlig‘i Sojida Ibragimova.
Loyihaning yana bir muhim jihati — uning amaliy ahamiyati. Platforma nafaqat an’anaviy musiqani tinglash va o‘rganish, balki undan zamonaviy loyihalarda foydalanish uchun ham yaratilgan. Musiqachilar yozuvlardan yangi treklar yaratishda foydalanishi, DJ’lar ularni o‘z setlari va remikslariga qo‘shishi, rejissyorlar hamda videograflar esa filmlar, reklama roliklari, videolar va O‘zbekiston haqidagi kontentni ushbu ohanglar bilan boyitishi mumkin.

Loyiha xalqaro auditoriya uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Agar xorijlik musiqachilar, prodyuserlar va kreatorlar o‘zbek an’anaviy musiqasining haqiqiy ohanglarini oson topib va ulardan foydalana olsalar, bu O‘zbekiston madaniyatining jahon kontentida yanada aniq va haqqoniy aks etishiga xizmat qiladi.
OHANG nafaqat muhim madaniy tashabbus, balki zamonaviy raqamli vosita hamdir. Bir tomondan, loyiha an’anaviy asrash, noyob ohanglarni saqlab qolish va milliy merosga bo‘lgan qiziqishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ikkinchi tomondan esa, bu merosga zamonaviy madaniyatda yangi hayot bag‘ishlaydi — musiqa, kino, reklama, bloglar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ko‘plab formatlarda.
Loyiha jamoasi ta’kidlashicha, saytning ishga tushirilishi katta yo‘lning faqat birinchi bosqichidir. Kelgusida kutubxona mamlakatning boshqa hududlaridan olingan yangi yozuvlar bilan muntazam boyitib boriladi. Loyiha bosqichma-bosqich butun O‘zbekistonning musiqiy xaritasini yaratishni rejalashtirmoqda.
OHANG an’anaviy musiqa faqat saqlanishi kerak bo‘lgan meros emas, balki yangi ijod uchun jonli manba ham bo‘lishi mumkinligini namoyon etadi. Endi kreatorlar O‘zbekistonning haqiqiy ohanglari bilan bepul, qulay va qonuniy asosda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Reklama huquqlari asosida.