Toshkentda to‘rtta avtobus yo‘nalishi o‘zgartirildi
E’lon qilingan sana: · 48

Toshkent shahrida 4-iyul kuni 62, 70, 89 va 95-sonli avtobus yo‘nalishlarining harakat sxemalari vaqtincha o‘zgartirildi. Bu Kichik halqa yo‘lidan Parkent ko‘chasiga chiqishdagi yo‘l qismining yopilishi bilan bog‘liq.
62 va 70-sonli avtobuslar vaqtincha faqat Kichik halqa yo‘lidagi “Harbiy litsey” bekatigacha harakatlanadi hamda Shastri chorrahasi, Parkent bozori va Dog‘iston ko‘chasidagi eski so‘nggi bekatga bormaydi.
89 va 95-sonli yo‘nalishlar shahar markazidan harakatlanganda Ekskavator zavodi hududiga kirmasdan Osiyo, Oqqo‘rg‘on, Mustaqillik va Parkent ko‘chalari orqali aylanib o‘tadi.

Yo‘lovchilar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklar sabab avtobuslar kechikib harakatlanishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.