“Qo‘qon holvasi” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

E’lon qilingan sana· 198
“Qo‘qon holvasi” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

Farg‘ona viloyatiga xos bo‘lgan “Qo‘qon holvasi” Adliya vazirligi tomonidan geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Qo‘qon qadimdan hunarmandchilik va milliy qandolatchilik rivojlangan hududlardan biri hisoblanadi. Shaharda shakllangan ushbu holva an’anaviy tayyorlash usuli, o‘ziga xos ta’mi va sifati bilan tanilgan.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olinishi “Qo‘qon holvasi” nomi hamda uni tayyorlash an’analarining huquqiy himoyasini ta’minlaydi. Shuningdek, bu mahsulotning o‘ziga xosligi va sifatini saqlashga xizmat qiladi.

Qayd etilishicha, mazkur qadam Farg‘ona viloyatining gastronomik merosini asrash, hudud brendini rivojlantirish va uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga yordam beradi.

Geografik ko‘rsatkich mahsulotning muayyan hududga mansubligi, uning sifati va o‘ziga xos jihatlari aynan shu hududning tabiiy hamda madaniy omillari bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling