“Dedlayn”, “emoji”, “heshteg” va yana 38 ta o‘zlashgan so‘zning o‘zbekcha muqobili tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi o‘zbek tili qoidalari va me’yorlari asosida shakllantirilgan 41 ta yangi so‘z va atamani rasmiy muomalaga kiritish uchun tasdiqladi.
Ro‘yxatdan axborot texnologiyalari, tibbiyot, energetika, qurilish, madaniyat, turizm va boshqa sohalarga oid atamalar o‘rin olgan. Ularning o‘zbekcha muqobillari rasmiy ish yuritish, hujjatlar va boshqa rasmiy muomalalarda qo‘llanadi.
O‘zlashgan so‘zlar va ularning o‘zbekcha tarjimalari ro‘yxati:
- Akkompanement — jo‘rnavoz
- Antrakt — tanaffus
- Arerssena — sahnaorti
- ASKUE (автоматизированная система коммерческого учёта электроэнергии) — EHNAT (energiya hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tizimi)
- Banket — ziyofat
- Bashmak — boshmoq
- BGS (барабанные грануляторы — сушилки) — DQU (donalab quritish uskunasi)
- BPLA (беспилотный летательный аппарат) — UHA (uchuvchisiz havo apparati)
- Breket — tishsim
- Brend — xosnom
- Vebinar — vebyig‘in
- Datchik — sezgich
- Dedlayn — so‘ngmuddat
- Dekoratsiya — sahnabezak
- DPO (дробильно-помольное отделение) — MYB (maydalash-yanchish bo‘linmasi)
- YES — YET (yagona elektr tizimi)
- Inventarizatsiya — xatlov
- Interaktiv — interfaol
- KVF — AVF (aylanma vakuum filtri)
- Kommentariy — izoh
- Mikser — qorg‘ich
- LVF (ленточный вакуумный фильтр) — TVF (tasmali vakuum filtri)
- Palatka — chodir
- Negativ — salbiy
- Penoplast — po‘kak
- Penoblok — po‘kak g‘isht
- Poligon TBO (твёрдые бытовые отходы) — QMCH maydoni (qattiq maishiy chiqindilar)
- Probel — bo‘shliq
- Rakovina — chanoq
- Rasprodaja — arzonsotuv
- Rubilnik — uzgich
- Simptom — belgi, alomat
- SB (сушилка барабанная) — BQ (barabanli quritkich)
- Suflyor — shivirchi
- Trening — mashg‘ulot
- Fitosanitariya — fitohimoya
- Frilanser — erkin ishchi
- Emoji — hisbelgi
- Heshteg — kalitso‘z
- Shpaler — tokustun
- Hostel — qo‘noquy
Ro‘yxatda keltirilgan so‘zlar ingliz, fransuz, rus, lotin, yunon, yapon, italyan va skandinav tillaridan o‘zlashgan. Yangi variantlar atamalarni birxillashtirishga, o‘zbek tilining ilmiy va rasmiy sohalardagi imkoniyatlarini kengaytirishga hamda qonunchilik va ish yuritishdagi turlicha talqinlarni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.