Qorasuv kanali bo‘yida dam olish maskanlari va gastronomik ko‘cha tashkil etiladi

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida dam olish maskanlari va gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyev hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Loyiha doirasida 9 kilometr uzunlikdagi sohil obodonlashtirilmoqda. Birinchi bosqichda 1,6 kilometrlik qismda piyodalar yo‘laklari, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark va ko‘prik osti tunneli barpo etildi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham ishga tushirildi.
Keyingi bosqichda Qorasuv, Rovatak va Fayzobod mahallalari orqali o‘tuvchi qismda dam olish va ko‘ngilochar hududlar, gastronomik ko‘cha barpo etiladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni oltitaga yetkazilib, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

