LEGO Gustav Klimtning “Bo‘sa” asari asosida to‘plam chiqardi

E’lon qilingan sana· 54
LEGO Gustav Klimtning “Bo‘sa” asari asosida to‘plam chiqardi

To‘plam asli 1908-yildan buyon Venadagi Belvedere muzeyida saqlanayotgan mashhur kartina bilan hamkorlikda yaratilgan.

LEGO Art turkumi o‘z tarixidagi eng yirik va eng qimmat to‘plam — Gustav Klimtning “Bo‘sa” (31221) asari bilan to‘ldirildi. To‘plam qariyb 4 ming detalldan iborat bo‘lib, devorga osish mumkin bo‘lgan 60×54×4 sm o‘lchamdagi uch o‘lchamli (3D) installyatsiya ko‘rinishida ishlangan. Yangilikning narxi 299 dollarni tashkil etadi va u LEGO Art turkumining flagmaniga aylandi.

To‘plam Venadagi Belvedere muzeyi bilan rasmiy hamkorlikda yaratilgan. Asl asar aynan shu muzeyda 1908-yildan buyon saqlanadi. Modelga Klimt imzosining LEGO g‘ishtchalari bilan ishlangan nusxasi ham qo‘shilgan. Shuningdek, yo‘riqnomaga rassomning hayoti va ijod manbalari haqida podkastga olib boruvchi QR-kod joylashtirilgan.

Dizaynerlar an’anaviy tekis mozaikadan voz kechib, spirallar, gullar, shtiftlar va oltin rangli metallik g‘ishtchalardan iborat ko‘p qatlamli kompozitsiyani tanlagan. Bu esa rassomning “oltin davri” uslubini yanada aniqroq aks ettiradi.

To‘plam sotuvi 4-avgustdan boshlanadi. Narxi — 299 dollar.

Eslatib o‘tamiz, LEGO Art turkumi joriy yilning mart oyida Klod Monening “Nilufarlar hovuzi” asari asosidagi 3 179 detalldan iborat to‘plamni 249,99 dollar narxda taqdim etgan edi. Shuningdek, turkumdan Van Gogning “Kungaboqarlar” to‘plami (199,99 dollar), Xokusayning “Katta to‘lqin” va Leonardo da Vinchining “Mona Liza” to‘plamlari (har biri 99,99 dollar) ham o‘rin olgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling