Toshkentdagi Shahrisabz ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati vaqtincha cheklandi

24-iyul soat 01:00 dan 9-avgust soat 23:00 gacha Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida BRT (tezkor avtobus tizimi) yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha qurilish-ta'mirlash ishlari olib boriladi.
Ishlar Shahrisabz-Mirobod-Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan qismni qamrab oladi. Loyiha Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan BRT yo‘lagining davomi hisoblanadi.
Qurilish davrida yo‘l transport harakati uchun to‘liq yopilmaydi. Ta’mirlash ishlari yo‘lning markazidagi to‘rtta harakatlanish tasmasida olib boriladi.
Shu vaqt davomida avtomobillar har ikki yo‘nalishda yo‘lning o‘ng chekkasidagi ikkita harakatlanish tasmasi orqali harakatlanishda davom etadi.

Haydovchilarga ushbu hududda harakatni oldindan rejalashtirish va qurilish hududidan o‘tishda ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etiladi.