Yangi Toshkentdagi Milliy kutubxonaning yangi binosi joriy yilda ochiladi

Umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan to‘rt qavatli majmua bir vaqtning o‘zida 1 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishib, ta’lim va ilm-fan sohasidagi muhim obyektlarga alohida e’tibor qaratdi. Davlat rahbari bir qator inshootlar, jumladan, Milliy kutubxonaning yangi binosi qurilishi bilan tanishdi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi 90 foizga tayyor bo‘lib, uni joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Kutubxona Yangi Toshkentni barpo etishning birinchi bosqichi doirasida bunyod etilmoqda. Ushbu bosqichda ma’rifiy loyihalarga ustuvor ahamiyat berilgan.
Milliy kutubxonaning yangi binosi umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan to‘rt qavatli majmuadan iborat. U bir vaqtning o‘zida 1 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu yerda kitob fondlarini saqlash va ehtiyotkorlik bilan zararsizlantirish uchun yuqori texnologiyali xonalar, shuningdek, dunyoning eng yirik kutubxonalarining raqamli bazalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn kirish imkoniyati yaratiladi.
Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus ta’lim va tadqiqot muhiti tashkil etiladi.
Majmuada o‘quv zallaridan tashqari galereya, sport zonalari, dam olish maskanlari va 300 o‘rinli kafe ham bo‘ladi.
Binoning me’moriy qiyofasida milliy an’analar va zamonaviy shaharsozlik yechimlari uyg‘unlashgan. Davlat rahbari pardozlash ishlarini yuqori sifatda yakunlash hamda bo‘lajak tashrif buyuruvchilar uchun qulay raqamli va kitob infratuzilmasini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.