Abu-Dabidagi Guggenxaym muzeyi ochilish sanasini e’lon qildi

Yangi muzey Guggenxaymning dunyodagi to‘rtta filiali orasida eng yirigi bo‘ladi.
Abu-Dabidagi Saadiyat orolining Madaniyat tumanida joylashgan Guggenheim Abu Dhabi muzeyi 2026-yil 11-dekabr kuni ochiladi. Ilk bor 2006-yilda e’lon qilingan loyiha qariyb yigirma yil davomida ishlab chiqildi. Qurilish ishlari bir muddat to‘xtatilgan bo‘lsa-da, 2019-yilda yana tiklandi.
Arxitekturasi va ko‘lami
Yangi muzey Guggenxaymning Nyu-York, Venetsiya va Bilbaodagi filiallari orasida eng yirik majmuaga aylanadi. Uning umumiy maydoni 80 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Shundan:
- 11,6 ming kvadrat metr — ichki galereyalar (binoda balandligi va tuzilishi turlicha bo‘lgan 30 ta galereya mavjud);
- 23 ming kvadrat metr — ochiq ko‘rgazma maydonlari.
Bino Prisker mukofoti laureati, marhum me’mor Frank Geri tomonidan loyihalashtirilgan. Majmuaning asosiy me’moriy elementi markaziy atriumni o‘rab turgan, balandligi 88 metrgacha yetadigan 10 ta ulkan konussimon inshootdir. Ulardan to‘qqiztasi zanglamaydigan po‘lat to‘r bilan, bittasi esa oniks va shisha bilan qoplangan. Konuslar cho‘l iqlimiga moslashtirilgan tabiiy shamollatish va soya hosil qilish tizimlari orqali binoni sovitishga xizmat qiladi. Majmuada ko‘rgazma zallaridan tashqari san’at va texnologiyalar markazi, bolalar hududlari, arxiv, kutubxona hamda restavratsiya laboratoriyasi ham joylashgan.

Kolleksiya va konsepsiya
Muzey kolleksiyasi 2009-yildan shakllantirilmoqda. Unda asosan 1960-yildan keyingi zamonaviy va hozirgi davr san’ati namunalari jamlangan. Ekspozitsiya an’anaviy muzeylardagi kabi xronologik emas, balki mavzular bo‘yicha tuzilgan. Jumladan, “Abstraksiya”, “Ommaviy madaniyat”, “Yer”, “Til va hikoya” kabi bo‘limlar mavjud. Asosiy e’tibor Shimoliy Afrika, G‘arbiy va Janubiy Osiyo rassomlarining asarlariga qaratilgan.
Muzey qurilishi Abu-Dabi hukumati tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, loyiha uchun 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan. Xarid qilingan barcha san’at asarlari ham Abu-Dabi hukumatiga tegishli. Guggenheim Abu Dhabining ochilishi amirlikning yirik madaniy strategiyasidagi muhim bosqichni yakunlaydi. Muzey 2017-yilda ochilgan Luvr Abu-Dabi va 2025-yil dekabr oyida ish boshlagan Zoid milliy muzeyi qatoriga qo‘shiladi.