Yangicha to‘y: Sublimation 2026 festivali qanday o‘tdi? Fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 88
Yangicha to‘y: Sublimation 2026 festivali qanday o‘tdi? Fotoreportaj

Karnay-surnay, oq choponlar, to‘y uchun tayyorlangan shirinliklar, baland oq tort va eski o‘zbek qo‘shiqlarining elektron miksdagi talqini. Bu safar Sublimation festivali 25-iyul kuni Bahor restoranida bo‘lib o‘tdi va butun makonni zamonaviy to‘y maydoniga aylantirdi. Tadbirga 500 nafardan ortiq mehmon tashrif buyurdi. Qariyb 70 yillik tarixga ega, shaharning eng muhim bayramlari va oilaviy tantanalariga guvoh bo‘lgan ushbu maskan avlodlar hamda davrlar o‘rtasidagi muloqot uchun o‘ziga xos maydonga aylandi.

Festival uchun aynan Bahor restoranining tanlanishi bejiz emas. U Toshkentdagi eng qadimiy restoranlardan biri bo‘lib, o‘nlab yillar davomida bu yerda to‘ylar va boshqa tantanalar o‘tkazib kelinadi. Shu bois o‘z tarixiga ega ushbu maskan festivalning To‘y konsepsiyasiga uyg‘un tushdi.

Bu yil festival bitta umumiy makonda va yagona sahnada tashkil etildi. Barcha voqealar mehmonlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi: kimdir sahna oldida raqsga tushdi, boshqalar suhbatlashdi yoki bezaklarning mayda detallarini tomosha qildi.

Makonni yengil tutun qoplagandek taassurot uyg‘otardi. Ekranlar va yoritish asosan ko‘k rangda bezatildi. Sublimation festivali bilan bog‘liq ko‘k rang bu safar ham kechaning asosiy vizual elementi bo‘ldi.

To‘y mavzusi har bir detalda aks etdi. Makon bo‘ylab kichik stollar joylashtirilib, ulardan biriga oppoq to‘y choponi ehtiyotkorlik bilan qo‘yildi. Boshqalarida esa kuyov va kelin tomoni odatda to‘y oldidan tayyorlaydigan shirinlik va noz-ne'matlar namoyish etildi. Natijada to‘y an’analarining har bir elementi alohida taqdim etilgan o‘ziga xos ko‘rgazma yuzaga keldi.

Markazda baland oq to‘y torti o‘rnatildi. U choponlar va an’anaviy dasturxon bilan birga tanish to‘y manzarasini yaratdi. Biroq ko‘k yorug‘lik, tutun va elektron musiqa bu manzaraga mutlaqo yangi kayfiyat bag‘ishladi.

Mehmonlar ham festival g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Ko‘pchilik milliy liboslarda yoki an’anaviy kiyim elementlari bilan tashrif buyurdi, boshqalar esa zamonaviy erkin uslubni tanladi. Natijada bir makonda bayramona kiyinishning turli talqinlari jam bo‘ldi.

Festivalning musiqiy dasturida Doppi Twins x DJ Piligrim, Sabine x Saya Musa, ISL x Rishat, LOUD373 va Roxy ishtirok etdi. Oqshom davomida turli janrdagi musiqa yangradi: ijrochilar o‘z kompozitsiyalarini taqdim etdi, DJlar mikslar ijro etdi, eski o‘zbek qo‘shiqlari esa zamonaviy elektron musiqa bilan uyg‘unlashtirildi.

Sabine va Saya Musa sahnaga chiqqanida raqs maydoni allaqachon odamlar bilan to‘lib ketgan edi. Tomoshabinlar orasida blogerlar, musiqachilar, ijodkorlar hamda Sublimation festivalining doimiy mehmonlarini uchratish mumkin edi. Duet chiqishi boshlanishi bilan mehmonlar faol raqsga tushib, ijroni iliq kutib oldi.

Chiqish qismida mehmonlarni Sublimation’ning an’anaviy ko‘k rangdagi fotozonasi kutib turgandi. Festival yakunida tashrif buyuruvchilar shu yerda esdalik suratga tushib, kechaga yakun yasashdi.

Laylo Alimova
Muallif
Laylo Alimova
Fotosuratchi: Николай Тен
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Yangicha to‘y: Sublimation 2026 festivali qanday o‘tdi? Fotoreportaj — Toshkent Afishasi