Tashkent City Mall’da “Oshpazlar jangi”: uch kunlik gastronomik bellashuv

E’lon qilingan sana· 29
Tashkent City Mall’da “Oshpazlar jangi”: uch kunlik gastronomik bellashuv

28−30-iyul kunlari Tashkent City Mall’da yetakchi restoranlar, professional oshpazlar va gastronomiya ixlosmandlarini birlashtirgan “Oshpazlar jangi” chempionati bo‘lib o‘tdi. Uch kun davomida ishtirokchilar pazandachilik bo‘yicha o‘zaro bellashib, mahorati, tezkorligi, kreativ yondashuvi va cheklangan vaqt ichida ishlash ko‘nikmalarini namoyish etdi.

Musobaqaning o‘ziga xos jihati shundaki, musobaqa WACS (Worldchefs) — dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidagi milliy oshpazlar uyushmalarini birlashtirgan xalqaro tashkilot standartlari asosida o‘tkazildi. 1928-yilda tashkil etilgan Worldchefs gastronomiya sohasini rivojlantirish, kasbiy standartlarni oshirish va oshpazlar hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Ishtirokchilar xalqaro mezonlar asosida baholandi. Hakamlar gigiyena, mahsulotlardan oqilona foydalanish, tayyorgarlik jarayoni, taom tayyorlash texnikasi, innovatsion yondashuv, belgilangan vaqtga rioya qilish, taqdimot va, albatta, ta’mga e’tibor qaratdi.

Chempionatda Salama, Maroon, TKX, Socials, Turan, Nika, Papakha va Matcha Club restoranlari ishtirok etdi.

Musobaqaning birinchi kuni saralash bosqichiga bag‘ishlandi. Bellashuv boshlanishidan sal avval jamoalarga tanlovning maxfiy ingredientlari ma’lum qilindi. Ishtirokchilar bedana go‘shti, shaftoli va shampinon qo‘ziqorinidan foydalanib gazak, asosiy taom va desert tayyorlashi kerak edi. Bu vazifa oshpazlardan nafaqat mukammal texnika, balki ijodkorlik, tezkor qaror qabul qilish va har bir mahsulotning ta’mini ochib bera olishni ham talab qildi.

Barcha bellashuvlar ochiq oshxona formatida o‘tkazildi. Shu sabab tomoshabinlar ingredientlarni tayyorlashdan tortib, taomlarni bezatish va taqdim etishgacha bo‘lgan barcha jarayonni kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Tadbir davomida boshlovchi Ravshan Hojiyev ishtirokchilarni tanishtirib, natijalarni e’lon qildi, mehmonlar bilan muloqot qilib, musobaqa jarayoni haqida izohlar berib bordi.

Chempionat hakamlar hay’ati tarkibidan O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov, L’artisan va Pie Republic loyihalari asoschisi Lazizjon G‘ulomov, shuningdek, Oro Cakes va Splendoro brendlarining asoschisi Gulshoda G‘ulomova o‘rin oldi. Har bir musobaqa kunida ularga taklif etilgan ekspertlar ham qo‘shildi: 28-iyul kuni fud-bloger Vladimir Li, 29-iyul kuni Sitora Halimova, 30-iyul kuni esa Parizoda Burxonxo‘jayeva hakamlik qildi.

Arina Melnichuk
Muallif
Arina Melnichuk
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling