Qoraqalpog‘istonda soz bo‘ktargisi va suv targ‘og‘i suratga olindi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Quyi Amudaryo biosfera rezervati ilmiy xodimlari monitoring davomida Soz bo‘ktargisi va Suv targ‘oqini suratga oldi.
Soz bo‘ktargisi asosan botqoqliklar, ko‘llar, qamishzorlar va boshqa suv-botqoq hududlari yaqinida yashaydi. Suv targ‘oqi esa Amudaryo qirg‘oqlari va to‘qayzorlar orasidagi suv havzalari bo‘yida uya quradi.
Suv targ‘oqining uyasida odatda 2−4 ta tuxum bo‘ladi va ularni 21−23 kun davomida bosib yotadi. Uning asosiy ozig‘ini hasharotlar tashkil etadi. Soz bo‘ktargisi esa o‘lja izlash vaqtida o‘simliklar ustidan pastlab uchib, mayda sutemizuvchilar, qushlar, amfibiyalar va boshqa jonivorlarni kuzatadi.
Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati 2011-yilda Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Amudaryo tumanlari hududida tashkil etilgan. Ilmiy xodimlar ma’lumotlariga ko‘ra, rezervatda qushlarning 246 turi qayd etilgan.


